Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod etiladi

O‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 may kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash ishlariga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.

Kasallikni yuqtirgan 2 ming 802 nafar fuqaromizdan 2 ming 314 nafari yoki 82 foizi butunlay sog‘aygani, bu kurashda chinakam jasorat ko‘rsatayotgan 23 ming nafar tibbiyot xodimlariga jami 78 milliard so‘mdan ziyod rag‘batlantirish puli to‘lab berilgani aytildi.

– Kasallikka qarshi kurashish bilan birga, chet ellardagi fuqarolarimiz haqida ham qayg‘uryapmiz. Hozirgi kungacha xorijdan 39 ming nafar yurtdoshlarimizni olib keldik. Tashqarida og‘ir ahvolda qolgan yana 12 ming nafar fuqaromizga tegishli yordam ko‘rsatib, ularni yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlarida faollik tiklanmoqda. Misol uchun, oxirgi haftada tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan elektr energiyasi iste’moli 13 foizga ko‘paygan. Shuningdek, oxirgi ikki haftada birjada sement savdosi oldingi oyning shu davriga nisbatan 104 ming tonnaga, yoqilg‘i mahsulotlari 74 ming tonnaga, qurilish oynasi 60 ming kvadrat metrga oshgan.

Epidemiologik holatdan kelib chiqib, hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” zonalarga ajratgan holda, 110 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yektining faoliyatiga ruxsat berildi, 600 mingdan ziyod xodimlar ish joyiga qaytdi.

Umuman, so‘nggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha Prezidentning 12 ta farmon va qarori qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’yekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.

18 may kuni davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari va 100 mingga yaqin aholiga qo‘shimcha 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi.

– Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, nima sharoit yaratish zarur bo‘lsa, barchasini qildik. Endi iqtisodiyot va investitsiya komplekslari, sektor rahbarlari quyi tizimda ushbu imtiyozlarning har bir tadbirkor va fuqarogacha yetib borishini ta’minlashi kerak, – dedi Prezident.

O‘zini o‘zi band qilayotgan, qo‘lida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi o‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritish bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqiladi.

Ma’lumki, yil boshida xususiy notariuslikka ruxsat berilgani natijasida 617 ta davlat notariusi xususiy bo‘ldi va budjetdan berilayotgan 200 milliard so‘m iqtisod qilindi.

Xuddi shuningdek, hozirgi kunda davlat idoralari ko‘rsatayotgan kadastr hujjatlarini tayyorlash, yer ajratishda toposuratga olish kabi xizmatlarni xususiy sektorga o‘tkazilsa, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga aniq hisob-kitob asosida, xususiy sektorga o‘tkazish mumkin bo‘lgan davlat xizmatlari ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring