Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Istanbul politsiyasi Istiqlol ko‘chasida bomba qoldirgan shaxsni qo‘lga oldi

Istanbul politsiyasi Istiqlol ko‘chasida bomba qoldirgan shaxsni qo‘lga oldi

Politsiya Istanbulning Beyo‘g‘li tumanidagi Istiqlol ko‘chasida bomba qoldirgan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda 14-noyabr, dushanba kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, Beyo‘g‘lida bomba qoldirgan shaxs Istanbul politsiya boshqarmasi tomonidan qo‘lga olingan. Shuningdek, tergovda hujum izlari Suriyaga olib borishini ko‘rsatuvchi dalillar mavjudligi aytilgan.

«Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, buyruq Kobani (Suriyaning shimolidagi shahar)dan, hujumni uyushtirgan shaxs esa Afrin (Suriyaning shimoli-g‘arbidagi shahar)dan kelgan», – dedi Soylu.

Bundan tashqari, portlashdan so‘ng darhol politsiya 21 kishini portlashga aloqadorlikda gumon qilib qo‘lga olgan.

Tergovchilarning dalillari portlash PYD – «Demokratik ittifoq partiyasi» («Kurdiston ishchilari partiyasi»terror tashkilotining Suriyadagi sho‘’basi – «Xalq mudofaasi otryadlari»ning harbiy qanoti) tomonidan uyushtirilganini ko‘rsatmoqda.

Hibsga olingan shaxsning jinsi oshkor etilmagan, biroq avvalroq Turkiya prezidenti hujumni uyushtirgan shaxs ayol ekanligini tasdiqlagan edi.

Vazir halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, yaradorlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.

«Yana bir bor ta’kidlaymanki, bizni bu musibatga duchor qilganlar tez orada yanada qattiqroq javob oladilar», – deya qo‘shimcha qildi vazir.

Ma’lumot uchun, Istanbulda yakshanba kuni Beyog‘lu tumanidagi sayyohlik ko‘chasi bo‘lgan Istiqlolda portlash sodir bo‘lgan va unda 6 kishi halok bo‘lib, 81 kishi yaralangani aytilgan edi.

Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Fahrettin Kojaning aytishicha, jabrlangan 81 kishidan 39 nafari allaqachon shifoxonalardan chiqarilgan.

«Kasalxonaga yotqizilganlardan besh nafari reanimatsiyada, ikki nafarining ahvoli og‘ir», – deya qo‘shimcha qildi vazir.

Mavzuga oid: Istanbuldagi portlash qurbonlari soni 6 nafarga yetdi — Turkiya prezidenti bayonot berdi (video)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring