Prezident bojxona organlari xodimlarini tabrikladi
26 yanvar — O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev bojxona tizimi xodimlari, faxriylari hamda soha rahbarlarini tabrikladi.
Davlat rahbari tabrikda mustaqillik yillarida bojxona organlari mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, milliy manfaatlarni himoya qilish va davlat chegaralari daxlsizligini asrashda ishonchli tayanch bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. Yangi O‘zbekiston sharoitida bojxona tizimi ochiq, zamonaviy va samarali tizimga aylanayotgani qayd etildi.
So‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 40 foizga qisqartirildi, deklaratsiyalarning 20 foizi inson omilisisiz amalga oshirilmoqda. 2025 yilda 76,2 trillion so‘m bojxona to‘lovlari undirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga oshgan, davlat budjeti daromadlaridagi ulushi esa 25 foizga yetgan.
Shuningdek, 1,2 trillion so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, xavflarni oldindan tahlil qilish orqali qo‘shimcha milliardlab so‘m budjet mablag‘lari undirilishi ta’minlandi. Narkotik va psixotrop moddalarning yirik partiyalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.
Prezident tabrikda Jahon savdo tashkiloti talablari asosida bojxona tartib-taomillari soddalashtirilayotgani, Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlik mustahkamlanayotgani va milliy bojxona tizimining xalqaro nufuzi ortib borayotganini ham alohida qayd etdi.
Shu bilan birga, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish hamda JSTga a’zolik jarayonida bojxona organlari oldidagi mas’uliyat yanada ortishi ta’kidlandi.
Davlat rahbari xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlar xotirasini yod etar ekan, ularning oilalariga hamdardlik bildirdi hamda barcha bojxona xodimlariga mustahkam sog‘liq, xizmat faoliyatida yangi yutuqlar tiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter