Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident: «Har bir tumanda pillachilik korxonalari tashkil etish zarur»

Prezident: «Har bir tumanda pillachilik korxonalari tashkil etish zarur»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xiva tumanidagi «Khiva Silk Fabric» korxonasini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bo‘sh turgan binoni modernizatsiyalash orqali amalga oshirilgan loyihaning birinchi bosqichi joriy yil avgust oyidan ishga tushirildi. Xitoydan ixtisoslashgan uskunalar olib kelib o‘rnatildi.

Klaster usuliga asoslangan korxona yiliga 140 tonnadan ziyod quruq pillani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda 110 kishi, asosan ayollar ish bilan ta’minlangan. Viloyat miqyosida olganda esa, bugungi kunda pillachilik tarmog‘ida mingta doimiy, 30 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Pillachilikda odamlarni, ayniqsa, ayollarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha katta imkoniyatlar borligi, xorijdan katta bargli tut navlarini olib kelib, shunday korxonalarni har bir tumanda tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Kelgusi yildan korxonada ipak tolasidan mato va tayyor kiyim-kechak tayyorlash, g‘umbakdan laboratoriya usulida yog‘ olish yo‘lga qo‘yiladi. Ipakni olgandan keyin pilla ichida qoladigan g‘umbakka shu kungacha bizda chiqindi sifatida qaralgan. Oqsilga juda boy g‘umbakdan kosmetologiyada ishlatiladigan qimmatbaho yog‘ olinadi. Xitoyda bu yog‘ning 1 litri 40-50 dollar atrofida sotiladi.

Korxonada xitin va xitozan moddasi, biologik faol qo‘shimchalar, g‘umbak konservasi, tut bargidan choy va shirinliklar ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilgan.

Hozirdanoq qiymati 1,1 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolangan. Xususan, Xitoy va Pokistonga ipak mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan.

Shu yerda Xorazmda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish, qovun yetishtirishni ko‘paytirish va eksport qilish, asosiy va takroriy ekinda sholi yetishtirishga oid istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Prezidentimiz loyihalarni sifatli bajarish, aholini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash, ish o‘rinlari va daromad manbalarini ko‘paytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Toshsoqa magistral sug‘orish kanallarini qayta qurish bo‘yicha bajarilgan ishlar bilan tanishar ekan, qurilish ishlarini izchil davom ettirish, suvni tejashga qaratilgan bunday loyihalarni boshqa viloyatlarda ham amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring