Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident hokim va rahbarlar haqidagi shov-shuvli xabarlarga munosabat bildirdi

Prezident hokim va rahbarlar haqidagi shov-shuvli xabarlarga munosabat bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev  ommaviy axborot vositalarining roli haqida to‘xtalib, shunday degan:

«Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Bugun sizlar bilan yana bir muhim masalani muhokama qilib olishimiz zarur.

Barchangiz ko‘rib, bilib turibsiz, bugun jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda. Zamon tez rivojlanmoqda, xalqimizning dunyoqarashi o‘zgarmoqda.

Bu borada, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari katta rol o‘ynamoqda. Ular hayotiy muhim masalalarga e’tiborimizni qaratib, muammolarni hal etishda bizga ko‘maklashmoqdalar.

Demokratik jamiyatning asosiy talablaridan biri ham shu.

Shuni esdan chiqarmaylik, matbuotni faoliyatimizni aks ettiruvchi ko‘zgu deb bilishimiz kerak. Afsuski, ko‘p yillar davomida biz ana shu ko‘zguga qarashni o‘zimizga ep ko‘rmadik.

Oqibatda haqiqiy qiyofamizni ko‘rolmay qoldik. Xalqimizga ochiq-oydin ma’lum bo‘lib turgan aybu nuqsonlarimizni tan olmasdan, «men hammadan zo‘rman» deb o‘zimizga bino qo‘yib, kekkayib yuraverdik. «Yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama» degan dono maqolni butkul unutib qo‘ydik.

Yillar davomida jamiyatimizda qanchadan-qancha illatlarning tomir otishi, muammolarning yig‘ilib qolishining asosiy sabablaridan biri ham shu bo‘lgani, ayni haqiqat.

Men bu gaplarni nima uchun aytayotganimni hammangiz yaxshi tushunib turibsiz. Bugun barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning jamoatchilik bilan, ayniqsa ommaviy axborot vositalari bilan muomala madaniyati har qachongidan ham muhim masalaga aylandi.

Ayrim hollarda rahbarlar tomonidan tanqidni qabul qila bilmaslik, nima qilib bo‘lsa-da, uni tan olmaslikka bo‘layotgan urinishlarda ham ko‘zga tashlanmoqda.

Afsuski, ba’zi rahbarlar xalq bilan, matbuotchilar bilan muloqotda oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib qo‘yishmoqda. Ular tomonidan qilingan murojaatlarga o‘z vaqtida, xolis javob berilmasligi ham haqli e’tirozlarga sabab bo‘layapti.

O‘zingiz guvoh bo‘lib turibsiz, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir rahbarning faoliyati bilan bog‘liq shov-shuvli xabar tarqalayapti. Ularda berilayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida xolis, asosli munosabat bildirilmayotgani oqibatida odamlar orasida har xil fikrlar, bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda.

Eng achinarlisi, ba’zi rahbarlar jamoatchilik o‘rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish o‘rniga, kibru havoga berilish, o‘ziga bino qo‘yish bilan masalani yanada chigallashtirmoqda.

Tushunaman, har kimning o‘ziga yarasha g‘ururi, izzat-nafsi bor.

Lekin rahbar shunisi bilan rahbarki, u nafaqat o‘zining sha’nini, balki davlat idorasining obro‘sini ham saqlashga mas’ul ekanini unutmasligi kerak.

U har qanday to‘siq va qiyinchiliklarga, keskin va dolzarb muammolarga duch kelmasin, vaziyatdan og‘ir-bosiqlik va vazminlik bilan chiqib, faqat qonunga asoslangan to‘g‘ri qaror qabul qilishi shart.

Shu bilan birga, har qaysi rahbar o‘z mas’uliyati va javobgarligini, avvalo o‘z vijdoni oldida, unga ishonch bildirgan el yurt oldida chuqur anglasa, faoliyatida qat’iyatlik bilan vazminlik, talabchanlik bilan aql-zakovatni uyg‘unlashtira olsa, xalqning chinakam mehrini va ishonchini qozona oladi.

Xoh u Hukumat a’zosi bo‘ladimi, vazir bo‘ladimi, xoh hokim bo‘ladimi yoki prokurormi, ushbu talab – barchamizga, ommaviy axborot vositalari xodimlariga ham birdek tegishli.

Buni unutishga hech birimizning haqqimiz yo‘q.»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring