Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda bir qator mansabdorlar lavozimidan ozod etildi

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda bir qator mansabdorlar lavozimidan ozod etildi

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish va sohani zamonaviy texnika bilan ta’minlash borasidagi ishlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda Prezidentning 2016-yil 17-noyabrdagi «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimi qayta tashkil etilgani, 2017-yilda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va lizing xizmatlari 1,7 marta, mexanizatsiya xizmatlari 2,5 barobar ortgani ta’kidlanadi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, servis xizmatini yaxshilash, importni optimallashtirish, eksportni kengaytirish bo‘yicha muayyan kamchiliklar mavjudligi, qishloq xo‘jaligi texnika bilan 85 foiz ta’minlangani, ularning ma’lum qismi eskirgani, ularni o‘z vaqtida yangilash choralari ko‘rilmagani qattiq tanqid qilindi.

Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida ijrosini nazorat qilmagani uchun Bosh vazir o‘rinbosari — «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi N.Otajonovga xayfsan berildi. Ishda yo‘l qo‘ygan sustkashliklari uchun «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari — «O‘zagroservis» aksionerlik jamiyati bosh direktori R.Axmedov, «O‘zagrolizing» aksionerlik jamiyati bosh direktori X.Imomov, Vazirlar Mahkamasi Axborot tahlil departamenti mudiri A.Rafiqov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, sohani rivojlantirish maqsadida 2018—2021-yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bahorgi agrotexnika tadbirlari uchun rejalashtirilgan texnikani to‘liq yetkazib berishni qattiq nazoartga olish, mashina-traktor parklari tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring