Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Provokatsion to‘lqinlar nishoniga aylanib qolmaslikka chaqiraman» – «Yuksalish» umummilliy harakati raisi

«Provokatsion to‘lqinlar nishoniga aylanib qolmaslikka chaqiraman» – «Yuksalish» umummilliy harakati raisi

Ma’lumki, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda va dastlabki loyiha 5 iyulgacha davom etadigan umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan.

Biroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining maqomi to‘g‘risidagi ayrim o‘zgartirishlar Qoraqalpog‘iston aholisining ma’lum qismi o‘rtasida tushunmovchilik va xavotirga sabab bo‘lganining guvohi bo‘ldik.

Bir necha kun davomida aholining norozi qismi o‘z fikrini bildirish uchun rasmiy vositalardan foydalandi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda 1341 raqamiga qo‘ng‘iroq qildilar, «Mening Konstitutsiyam» platformasiga ham murojaatlar yuborildi.

Voqealar rivojini, ayniqsa maxsus tashkil etilgan telegram messenjerlarining ishini shaxsan o‘zim kuzatdim va o‘rgandim.

Xulosa shuki, aholi muhokamalarning boshlanishida o‘z noroziligini faqat rasmiy kanallar orqali ifoda etdi va shunday chaqiriqlar bo‘ldi. Chunki konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish – hali to‘xtamagan, balki davom etayotgan muhokama jarayonidir. Ya’ni yakuniy loyiha hali shakllantirilmagan edi.

Biroq kecha Nukus shahrida to‘satdan agressiya unsurlari mavjud bo‘lgan noqonuniy namoyishlar uyushtirildi. Alohida guruhlar va provokatorlar yig‘ilgan fuqarolar bilan aralashib, ma’muriy binolar majmuasidagi davlat muassasalarini egallab olishga urindi. Maqsad tushunarli - shu orqali O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish. Ishonchim komilki, huquq-tartibot idoralari bu jinoiy urinishlarga huquqiy baho beradi.

Men milliy va xalqaro hamjamiyatni geosiyosiy jarayonlarning provokatsion to‘lqinlaridan ogoh bo‘lishga, ularning nishoniga aylanib qolmaslikka chaqirmoqchiman. O‘zbekiston so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotgan, demokratik qadriyatlarga sodiqligini namoyon etgan davlat!

O‘zbekistonning har bir fuqarosi konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan o‘z fikrini bildirish huquqiga ega. Shu bilan birga, bularning barchasi qonuniy imkoniyatlar doirasida amalga oshishi kerak.

Biz huquqiy va demokratik davlat qurmoqdamiz. Barchadan biz tanlagan yo‘limizni hurmat qilishni so‘rayman.

Qoraqalpoq eli nihoyatda dono va olijanobdir. Ziddiyatli vaziyatlar bo‘lmasligiga ishonaman.

Bobur Bekmurodov, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring