Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin Kim Chen Inning «calom»iga «alik» oldi

Putin Kim Chen Inning «calom»iga «alik» oldi

Shimoliy Koreya Rossiya ko‘magida noqonuniy ravishda xalqaro bank tarmoqlariga kirish imkoniga ega bo‘lgani taxmin qilinmoqda The New York Times nashri AQSh razvedkasiga tayanib xabar berishicha, buning evaziga Pxenyan Moskvaga qurol-aslaha yetkazib bergan.

Oq uyda Shimoliy Koreya Rossiyaga ballistik raketalar taqdim etganini tasdiqlovchi dalillar mavjud. Britaniyadagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlil markazi xulosasiga qaraganda, Pxenyan Moskvaga 2,5 million dona o‘q-dori ham yetkazgan. Kelishuvga ko‘ra, Shimoliy Koreya «salom yarasha alik» sifatida Rossiyadan sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, atom suv osti kemalari kabi harbiy texnika so‘ragan.

Vladimir Putin ma’muriyati Kim Chen In rejimiga harbiy texnologiyalar taqdim etgani hozircha aniq emas. Ammo Rossiya o‘z banklarida saqlanayotgan, Shimoliy Koreyaning 30 million dollarlik muzlatilgan mablag‘idan 9 millionini olish imkonini taqdim etgan. Pxenyan bu mablag‘ga neft sotishi olishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Shimoliy Koreyaning qo‘lbola shirkati yaqinda Janubiy Osetiyadagi bankda hisob ochgan. BMT sanksiyalariga muvofiq banklarning Shimoliy Koreya bilan oldi-berdi qilishi man etiladi. Janubiy Osetiya bankida hisob raqam ochilishi Kremlning o‘z hamkoriga sanksiyalarni aylanib o‘tishda ko‘mak bermoqda degan xulosaga undamoqda.

BMT va AQSh taqiqlangan yadro sinovlari tufayli Kim Chen In ma’muriyatiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan.

«Albatta, Rossiya taqiqdan chiqargan 9 million dollar u qadar katta mablag‘ emas, ammo KXDR kapitaldan foydalanishning har qanday muqobil yo‘lini olqishlamoqda», – deydi AQSh moliya vazirining sobiq yordamchisi, moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha ekspert Xuan Zarate.

Qolaversa, Rossiya Shimoliy Koreyaga qurol aslaha o‘rniga zarur mahsulotlar yetkazish berayotgani taxmin qilinmoqda.

«Shimoliy Koreya uchun qurol-aslahani bug‘doy hamda sanksiya orqali taqiqlangan qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, xususan, traktorlarga almashish ayni muddao bo‘lar edi», – deydi London universiteti huzuridagi tahlil maktabi professori Heyzel Smit.

Avvalroq Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Rossiyaga artilleriya snaryadlari va bir necha turdagi raketalarni taqdim etgani xabar qilingan edi.

Shundan so‘ng AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya KXDRning Rossiyaga harbiy texnika va o‘q-dori yetkazib berganini keskin qoralab, bunday yuklar «Rossiyaning bosqinchilik urushi qurbonlari sonini sezilarli darajada oshirishi»ni bildirgan. Biroq Moskva va Pxenyan bu ayblovlarni rad etgan.

Yadro tadqiqotlari sabab ko‘plab sanksiyalarga duchor etilgan Kim Chen In ma’muriyati harbiy sohani moliyalashtirish uchun noqonuniy vositalarga muntazam murojaat qilishi aytiladi. Masalan, 2022 yili Shimoliy Koreya hukumati nazoratidagi hakerlar bir milliard dollar miqdoridagi mablag‘larni o‘marishga muvaffaq bo‘lgan. Xalqaro tashkilot xulosasiga qaraganda, o‘g‘irlangan mablag‘lar mamlakatning yadro va raketa dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

Tahlillarga qaraganda, so‘nggi yillarda sanksiyalar va moliyaviy cheklovlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya davlat kengashi raisi Kim Chen Inni ancha yaqinlashtirdi. Ularning uchrashuv va sovg‘a almashuvlari soni oshdi.

Siyosatchilar bir-birini medal bilan ham siylab turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring