Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qamchibek Tashiyevning ishdan olinishi sababi aytildi

Qamchibek Tashiyevning ishdan olinishi sababi aytildi

Foto: AKIpress

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyevning kutilmaganda lavozimdan ozod etilishi turli taxminlarni yuzaga chiqardi. Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchilar, siyosatshunoslar Qirg‘iziston maxsus xizmatining qudratli raisi nega ishdan olingani borasida o‘z nuqtai nazarini ilgari surmoqda.

“Qamchibek Tashiyevning iste’fosi va undan keyin xavfsizlik tizimining to‘liq qayta tashkil etilishi – chegara xizmatining MXDQdan chiqarilishi, prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi davlat qo‘riqlash xizmati yaratilishi, qudratli rahbarlarning almashtirilishi yo ishdan olinishi – hokimiyat tepasida jiddiy ishonch inqirozi yuzaga kelganini ko‘rsatadi. Rasmiy izohlarda gap “jamiyatda bo‘linishni oldini olish” haqida ketmoqda. Ammo voqealar mantig‘i boshqacha: xavfsizlik elitasining ortiqcha mustaqillashuvi prezident uchun strategik tahdid sifatida qabul qilingan. Tashiyevga yaqin shaxslar deputatlar va ta’sirli doiralar bilan alohida aloqaga chiqib, prezidentlik saylovlari masalasini ko‘tarishi hokimiyat uchun xavfli signal edi”,deb yozdi siyosatshunos Otabek Akromov.

Uning fikricha, hozirgi vaziyatda Qirg‘izistonda asosiy muammo – prezidentlik muddati.

“2021 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar Japarovga muddatlarni qayta nollashtirish imkonini beradi, aynan shu mavzuning ochiq muhokamaga chiqishi esa rejim uchun beqarorlik manbai bo‘lib ko‘rindi. Natijada tandem izchil ravishda buzildi, xavfsizlik tizimi esa prezident qo‘liga yanada qattiqroq jamlandi”, – deb hisoblaydi u.

Mintaqa bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov prezident Japarov safdoshi Tashiyev bilan bir vaqtda uning uch o‘rinbosarini ham ishdan olgani, bu esa sobiq raisning o‘z mavqeini tiklashga urinishini yo‘qqa chiqarishiga e’tibor qaratgan.  

“Tashiyev o‘z iste’fosidan Myunxendagi shifoxonada xabar topgan. U bir necha yil oldin yuragi operatsiya qilingani sababli ikki yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Bishkekdagi vaziyatdan voqif manbalarga ko‘ra, prezident Japarov tomonidan iste’fo qarori qabul qilinishiga bir muddat oldin uning MXDQ raisi bilan baland ovozda qilgan telefon suhbati sabab bo‘lgan. Qirg‘iziston Qahramoni, 57 yoshli Qamchibek Tashiyev tengdoshi, sadoqatli safdoshi, do‘sti va Qirg‘izistonni idora etish borasidagi hamkori, davlat rahbari Sadir Japarov oldida nima gustohlik qildi? Prezident matbuot xizmati dastlab rahbar “jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalarida parokandalikni yuzaga keltirmaslik, birlikni mustahkamlash” maqsadida ana shunday qaror qabul qilgani haqida xabar berdi. Lekin bir necha soat o‘tib, matbuot kotibi Askat Alagozovning o‘zi vaziyatga oydinlik kiritdi. Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘izistonning bosh chekisti emas, balki uning nomidan foydalangan ayrim yaqinlari jamiyatda parokandalikni yuzaga keltirgan. Japarovning aytishicha, ular parlament deputatlari va boshqa muhim arboblarga turli harakatlarga undagan holda qo‘ng‘iroq qilishgan”,deb yozdi A.Dubnov.

Qayd etilishicha, Tashiyevga yaqin bo‘lgan shaxslar amaldorlarga qo‘ng‘iroq qilar ekan, ularni general tomoniga o‘tishga undagan.

“Qirg‘izistonda ko‘pchilik general mamlakatda birinchi shaxs bo‘lishi, amaldagi birinchi shaxs esa unga o‘z o‘rnini bo‘shatishiga shubha qilmayotgan edi. Axir, u (Japarov nazarda tutilmoqda – tahr.) ikkinchi (Tashiyev nazarda tutilmoqda – tahr.) oldida qarzdor edi, zero, uning yordamisiz 2020 yilda birinchi rahbar bo‘la olmasdi. O‘sha paytda ular Qirg‘izistonning avvalgi, ya’ni beshinchi prezidenti Sooronbay Jeenbekovni osonlik bilan, qon to‘kishlarsiz hokimiyatdan ketkazishgandi”, – deya olti yil avvalgi hodisalarni yodga olgan A.Dubnov.

Tahlilchi Temur Umarov esa MXDQ sobiq raisi Tashiyev Germaniyada shifoxonada ekani sababli iste’fo yuzasida bayonot bermayotir, deb hisoblaydi.

“Shu bois voqealar qanday rivojlanishi hozircha mavhum qolmoqda. Ammo Tashiyevning yangi voqelikka ko‘nikishidan boshqasini tasavvur qilish qiyin. Zotan, uning ta’siri norasmiy rishtalarga emas, balki prezident bilan do‘stona munosabatlar va apparatning kuchiga asoslangan edi. Ushbu ikki unsursiz ta’sir ham yo‘qqa chiqadi. Boshqacha aytganda, ayni paytda tizimda kimdir Japarovning qaroriga qarshi chiqishi va sobiq bosh chekistga sadoqat namoyish etishini tasavvur qila olmayman. (Iste’fo ortidan) tozalashlar bo‘lmadi. To‘g‘ri, Bishkek MXDQ rahbari qamalgani haqida ovoza tarqaldi, ammo u darhol rad etildi. Japarov ham u va uning safdoshi/do‘sti/birodari o‘rtasida ixtilof mavjudligini inkor qildi. Shu tariqa (Japarov Tashiyevga) xayrixohlik qo‘lini cho‘zmoqda va masalani yaxshilikcha hal etishga undamoqda. Tashiyevga xotirjam qaytish va jamoatchilik e’tiborini tortmaydigan biror sohada faoliyatni davom ettirish taklif etilmoqda. Tashiyev davolanish uchun tez-tez Yevropaga qatnashi inobatga olinsa, ehtimol, bu uning salomatligi uchun ham yaxshidir. Qirg‘izistonda yangi Tashiyev maydonga chiqmaydi. Japarov Tashiyevni ishdan olgan zahoti MXDQdek superidorani zaiflashtirish uchun uni bo‘lishga kirishdi. Gap hokimiyatni risoladagidek qo‘lda tutish haqida ketar ekan, u tizimda prezidentdan boshqa shaxs katta ta’sirga ega bo‘lishi mumkin emasligini yaxshi biladi”, – deb xulosa qiladi T.Umarov.

Avval xabar berganimizdek, kecha prezident Sadir Japarov 2020 yil 16 oktyabridan buyon Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga raislik qilib kelayotgan Qamchibek Tashiyevni ishdan bo‘shatdi.

Japarov ushbu qarorini “davlat manfaatlarini ko‘zlab” qabul qilganini aytgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring