Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qashqadaryoda bundan buyon birorta daraxt asossiz kesilmaydi — viloyat hokimi bilan suhbat

Qashqadaryoda bundan buyon birorta daraxt asossiz kesilmaydi — viloyat hokimi bilan suhbat

Foto:«Xabar.uz»

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisi — jurnalist uchun juda katta imkoniyat. Bu yerda vazirlar, hokimlar, oddiy til bilan aytganda kazo-kazolarni uchratish, savolga tutish mumkin.

Biz ham Senatning yalpi majlisi avvalida imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslikka urindik va Qashqadaryo viloyati hokimi, senat a’zosi Zafar Ro‘ziyevni qisqa suhbatga tortdik.

Suhbat tafsiloti avvalida e’tirof etish joiz: Qashqadaryodagi muammolar yuzasidan saytimizda bir qancha materiallar chop etildi. Bularga Kitob tumani markazida va tog‘ yonbag‘irlarida daraxtlarning kesilishi, bozor qurilishning oxiri ko‘rinmayotgani, Dehqonoboddagi muammolarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Shu va boshqa masalalar yuzasidan viloyat hokimi savollarimizga javob berdi.

—Zafar Sharopovich, «Xabar.uz» yoritgan muammo — daraxtlarning kesilishi xususida. Kitob tumani ekoturizm imkoniyati katta bo‘lgan hudud sanaladi va bu yerda daraxtlar kamayishi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Viloyat hokimligi bu muammoga nima deydi?

— Albatta, bu muammo borligini tan olamiz. Assosiz ravishda daraxt kesish holatlari bo‘ldi. Ammo hozirda viloyat miqyosida daraxt kesish butunlay to‘xtatilgan. Ha, butunlay. Bundan buyon bironta amaldor asossiz bitta ko‘chatga ozor yetkazmaydi. Masala kuchli nazoratga olingan.  

— Viloyatdagi muammolardan yana biri avtomobil yo‘llari sifati. Xususan, chekka qishloqlar bundan ko‘proq aziyat chekmoqda...

— Qashqadaryoda yo‘llarning umumiy uzunligi 18 ming kilometrni tashkil etadi. Viloyat 28 ming kvadrat kilometr hudud va 3 million aholidan tashkil topgan. Bu katta raqam. Men ishonch bilan ayta olamanki, yaqin kelajakda bu masalada katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Ayni damda tuman markazlari qiyofasini mutlaqo o‘zgartirish va yo‘llarni sozlash ustida katta ishlar qilinyapti. Mana, masalan, o‘sha Kitob tumanini olaylik. Tuman markazidagi qurilishlarni jadallashtirdik, yo‘llarga asfalt yotqizdik. Ya’ni hammasi asta-sekinlik amalga oshmoqda. Yo‘llar eng yirik muammolarimizdan ekanini tan olaman. Xullas, bu sohada o‘zgarishlar bizni kutmoqda.

Foto:«Xabar.uz»

— Qashqadaryo yoshlari haqida fikringiz...

 — Voha shu vaqtga qadar respublikaga iste’dodlarni ko‘plab yetkazib bergan, yetkazmoqda. Albatta, viloyat yoshlari hayotida muammolar yo‘q emas. Masalan, ayrim hududlarda aloqa, internet xizmatlaridan foydalanishni olaylik. Biz yaqinda hatto Shahrisabzdagi olis tog‘li G‘ilon qishlog‘iga ham antennalar o‘rnattirdik. Maktablarda esa kompyuter sinfxonalari ko‘paytirilmoqda, internetga ulanmoqda. Yoshlardan internetni, texnikani, umuman ilm egallashga g‘ayrat qilishlarini so‘ragan bo‘lardim.

Qashqadaryo viloyati hokimi shuningdek, batafsil suhbat qilish uchun sayt ijodkorlarini Qashqadaryo viloyatiga taklif etdi.

Ulug‘bek Oripov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring