Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish uchun qanday imtiyozlar bor?

Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish uchun qanday imtiyozlar bor?

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun qurilmalar ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tganlaridan boshlab besh yil muddatga barcha soliq to‘lovlaridan ozod etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi enertegika vazirligi matbuot xizmati yana bir bor eslatib o‘tdi.

Bu va boshqa imtiyozlar mamlakatda quyosh, shamol va qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTE) yordamida elektr va issiqlik energiyasi sohasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 22 maydagi «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunida belgilab qo‘yilgan.

Yangi qonunda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan boshqa imtiyoz va preferensiyalar ham nazarda tutilgan. Xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, shu jumladan, davlatga qarashli bo‘lmagan korxonalar egallagan yer maydonlari hamda qayta tiklanadigan energiya qurilmalari (0,1 MVt va undan yuqori nominal quvvatga ega bo‘lgan) uchun mol-mulk va yer solig‘idan foydalanishni boshlaganlaridan boshlab o‘n yil muddatga ozod etiladi.

Shuningdek, turar joy binolarida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanadiganlar uchun ham imtiyozlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni, mavjud energiya resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzilgan holda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni boshlagan oylaridan boshlab jismoniy shaxslar mol-mulk hamda yer solig‘idan ozod etiladi.

Bundan tashqari, qonunda o‘z ehtiyojlari uchun elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar uchun ruxsatnoma olish talab qilinmasligi ko‘zda tutilgan.

Qonun nafaqat qayta tiklanadigan energiya manbalari yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan bog‘liq jarayonlarni, balki bu boradagi yangi tushunchalarni ham tartibga soladi. Mazkur qonunga ko‘ra "qayta tiklanadigan energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilari qayta tiklanadigan energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan yuridik yoki jismoniy shaxslardir". Shunday qilib, qabul qilingan yangi hujjat qayta tiklanadigan energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar safini kengaytirish, ushbu jarayonga xususiy kapitalni jalb etishni kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasida vakolatlari qonunning 6-moddasida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tartiblarini amalga oshiradi.

Unda shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasida me’yoriy-huquqiy hujjatlarni, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentini qabul qiladi.

Ushbu maqolada energiya ishlab chiqaruvchilarini hamda qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun qurilmalar ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xususan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida qulay raqobatbardoshlilik hamda ishbilarmonlik muhiti shakllantirilishini rag‘batlantiruvchi narx va tarif siyosati haqida so‘z yuritiladi.

Shunday qilib, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasi, shuningdek, tegishli uskunalarni ishlab chiqarish borasida raqobat muhiti yuzaga keladi va bu o‘z navbatida ushbu sohaga investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi. Mazkur jarayon ayni paytda davom etmoqda, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari ob’yektlarini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderning birinchi bosqichida mahalliy va xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlari vakillaridan iborat 26 ta kompaniya ishtirok etdi. Sohaga bo‘lgan bunday qiziqish tobora ortib bormoqda va mazkur qonunning qabul qilinishi uning ko‘lami yanada kengayishiga xizmat qiladi.

Qonun shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi qurilmalardan foydalanish, shu jumladan, uni sotish bilan bog‘liq turli bosqichlarning qoidalarini ham tartibga soladi. Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish uchun ishlab chiqaruvchilar blok-stansiya asosida yagona elektr energiyasi tizimiga, shuningdek, tannarx asosida elektr energiyasining marginal qiymatini ko‘rsatib, ulanishlari mumkin. Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya qurilmalarini yagona elektr energiya tizimiga ruxsatsiz ulanish holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida qayta tiklanadigan energiya manbalari davlat ro‘yxatini yuritish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu amaliyot aholining energiya va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini, birinchi navbatda, markazlashtirilgan energiya yetkazib berish tizimlaridan uzoqda joylashgan hududlar uchun energetika va barqaror energiya ta’minotini rivojlantirishni rejlashtirish uchun zarur bo‘ladi.

QTEdan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi tariflariga kelsak, ular tanlov savdolari asosida aniqlanadi. Bu omil shuningdek, u oxirgi iste’molchilar uchun elektr energiyasining umumiy tariflarini shakllantirishga, shartnomalarni tuzishda raqobat va oshkoralik ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Qayd etish kerak, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan va qayta tiklanadigan energiya qurilmalaridan olingan energiya sertifikatlash asosida amalga oshiriladi. Energiya va qurilmalardan shaxsiy ehtiyojlarni qondirish uchun foydalanilganda bu tartib istisno etiladi. Qabul qilingan qonun sohada aholi va jamoatchilikning tutgan o‘rnini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘taradi.

Xususan, qonun energiya vazirligi tomonidan taqdim etiladigan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarishni davlat tomonidan tartibga soluvchi mexanizm nafaqat iqtisodiyot tarmoqlarida, balki maishiy sohada ham faqat energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni nazarda tutadi.

Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha faoliyatda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar hamda fuqarolarning ishtirokiga ham alohida va katta ahamiyat berilgan. Ya’ni, ular ushbu sohadagi hukumat va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etishlari hamda tegishli jamoatchilik nazoratini amalga oshirishlari mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi barcha munosabatlar ushbu qonun kuchga kirgan kundan boshlab belgilanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring