Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qishloq xo‘jaligi texnikalarini fermerlarga qulay shartlarda berish tizimi ishlab chiqiladi

Qishloq xo‘jaligi texnikalarini fermerlarga qulay shartlarda berish tizimi ishlab chiqiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini maxsus texnika bilan ta’minlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasi 81 foizni tashkil etmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda 1 ming 756 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52 foizga yetdi. O‘tgan mavsumda 2,1 million tonna paxta mashina yordamida yig‘ib olingan. Buning hisobiga keyingi besh yilda qo‘l mehnati 1,8 barobar qisqardi.

Navbatdagi vazifa – paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish. Buning uchun 2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xo‘jaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi.

Taqdimotda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. 

2026-2028 yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10 foizga oshirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, 2026-yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028-yilga qadar mahalliylashtirish ko‘rsatkichi o‘ziyurar texnikada 30-35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60-65 foizga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori bo‘lgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Taqdimotda talab yuqori bo‘lgan 3 turdagi import texnika bo‘yicha ham subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Umuman, joriy yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, taqdimotda Toshkent traktor zavodi faoliyatini sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. 

Manba: president.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring