Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qulupnay — saraton, insult va infarkt kushandasi

Qulupnay — saraton, insult va infarkt kushandasi

So‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar  qulupnay tarkibidagi bioaktiv moddalar organizmdagi bir qator muhim jarayonlarga ta’sir qilishini tasdiqladi.

Qulupnay tarkibida: S vitamini, antotsianinlar, ellag kislotasi, flavonoidlar, bir qancha oziq tolalari mavjud bo‘lib, ular organizmda antioksidant va yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, antotsianinlar qulupnayga qizil rang beribgina qolmay, hujayralarni zararlanishdan himoya qiladi.

Ilmiy tadqiqotlarda qulupnay tarkibidagi bioaktiv moddalar oksidativ stressni kamaytirishi, yallig‘lanish jarayonlarini susaytirishi aniqlangan. Bu esa o‘z navbatida oshqozon va ichakdagi hujayralarda nosog‘lom o‘zgarishlar xavfini kamaytiradi. Shu bilan birga, qulupnayni muntazam iste’mol qilish saratonning oldini olishga yordam beruvchi omillardan biri sifatida qaraladi. Ammo u mustaqil davo vositasi emas.

Qulupnay yurak salomatligi uchun ham foydali mahsulotlar sirasiga kiradi. Klinik kuzatuvlarda muntazam qulupnay iste’mol qilib yurgan kishilarda “yomon” xolesterin (LDL) miqdori kamayishi, “yaxshi” xolesterin (HDL) barqarorlashishi qayd etilgan. Shuningdek, meva tarkibidagi oziq tolalari qon tomir devorlarini mustahkamlab, yurak xuruji va insult xavfini pasaytirishga xizmat qiladi.

Qolaversa, qulupnay past glikemik indeksga ega bo‘lib, qonda glyukoza darajasining keskin oshishini oldini oladi, insulin sezgirligini yaxshilaydi. Bu xususiyatlar uni 2-tur qandli diabet xavfini kamaytirishda muhim oziq-ovqat sifatida ko‘rsatadi.

Antotsianinlarga boy bo‘lgan qulupnay neyronlarni himoya qiladi, xotira va diqqatni qo‘llab-quvvatlaydi. Uzoq muddatli tadqiqotlarda ushbu meva qarish bilan bog‘liq kognitiv pasayish jarayonini sekinlashtirishi mumkinligi aniqlangan.

Qulupnay foydaning koni bo‘lishiga qaramasdan, ayrim holatlarda ehtiyot choralari ham talab qilinadi. Ba’zi insonlarda qulupnay teri toshmalari, qichishish, yengil shishlar keltirib chiqarishi mumkin.

Qulupnay ko‘pincha kimyoviy ishlovdan o‘tkaziladigan mevalar qatoriga kiradi. Shu sababli uni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish muhim.

Kislotaligi yuqori bo‘lgani sabab gastrit, oshqozon yarasi bo‘lgan shaxslarda noqulaylik chaqirishi mumkin.

Qulupnay tabiiy ravishda qonni suyultiruvchi xususiyatga ega. Shuning uchun qon suyultiruvchi dorilar qabul qilayotgan shaxslar shifokor bilan maslahatlashishi lozim.

Qulupnay — yuqori antioksidant xususiyatga ega, yurak-qon tomir tizimi, miya faoliyati va modda almashinuvi uchun foydali bo‘lgan mevadir. Ilmiy tadqiqotlar uning yallig‘lanishni kamaytirish va ayrim kasalliklar xavfini pasaytirishda muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, uni me’yorda iste’mol qilish va individual holatlarni hisobga olish zarur. Zero, har qanday tabiiy mahsulot kabi qulupnay ham faqat to‘g‘ri va ongli iste’mol qilingandagina shifo bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring