Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramzan Qodirovning o‘g‘li YTHga uchradi: uni Moskvaga olib ketishdi

Ramzan Qodirovning o‘g‘li YTHga uchradi: uni Moskvaga olib ketishdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov ishtirok etgan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng u Grozniydan Moskvaga olib ketilgan. Bu haqda «Fortanga» nashri manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr 16-yanvar kechqurun Grozniydan parvoz qilgan Rossiya FVVga tegishli An-148-100YeM samolyotiga e’tibor qaratgan. Ushbu bort FlightRadar xizmatida qayd etilgan. An-148-100YeM tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan «uchuvchi gospital» hisoblanadi: unda olti nafar bemor uchun yotib davolanish o‘rinlari va parvoz davomida tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beruvchi maxsus modullar mavjud.

«Agentstvo» nashri onlayn-xaritalar ma’lumotlariga tayanib, ehtimoliy YTH sodir bo‘lgan Grozniy markazida yo‘llar yopib qo‘yilganini, shuningdek, Adam Qodirov dastlab olib kelingan, deb taxmin qilinayotgan respublika shifoxonasi atrofida katta tirbandliklar yuzaga kelganini ma’lum qildi.

«Kavkaz.Realii» nashri manbalariga ko‘ra, 18 yoshli Adam Qodirov kortejda oldinda harakatlanayotgan avtomobilni shaxsan o‘zi boshqargan va juda yuqori tezlikda harakatlangan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mashina to‘siqqa urilib ketgan.

Manbalardan biri Adam Qodirov hushiga kelganini va shifokorlar uning hayotiga xavf yo‘q, deb baholashganini aytgan. U tibbiyot xodimlari hamrohligida Grozniy aeroportiga yetkazilgan.

Bundan oldin muxolifatga yaqin Niyso kanali ushbu avariyada UFC jangchisi Xamzat Chimayev halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan edi. Biroq keyinchalik bu ma’lumot rad etildi. Hukumatga yaqin kanallar va «Chechnya segodnya» agentligi anonim manbalarga tayanib, Chimayev Dubayda ekanini va uning ahvoli yaxshi ekanini bildirgan. Shu bilan birga, YTH va unda Adam Qodirovning ishtiroki bo‘yicha hozirgacha rasmiy bayonot ham berilmadi.

Chimayevning Instagram’dagi so‘nggi posti 13-yanvar sanasi bilan belgilangan. «Fortanga» manbalariga ko‘ra, Adam Qodirov og‘ir jarohat olgan. Shuningdek, Niyso kanali avariyada uning qo‘riqchilari — Bislan Kaimov, Shamil Irasxanov va Apti Irasxanov ham jabrlanganini xabar qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring