Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saida Mirziyoyeva nimani istaydi?

Saida Mirziyoyeva nimani istaydi?

Oxirgi paytlarda prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy faolligi bilan ajralib turibdi. To‘g‘risini aytsam, avvaliga «eh, bu ham Gulnoraning yo‘lidan ketar ekan-da, nega bizda rahbarlarning farzandlari doim shunday harakat qiladi», degan xavotir va achinish hissi ko‘nglimdan o‘tgandi. Qolaversa, u egallagan agentlik direktori o‘rinbosari lavozimi go‘yoki yonib turgan cho‘g‘ edi o‘shanda.

Ammo uning o‘zim kuzatgan oxirgi uch oydagi faoliyati tahlili meni jiddiy o‘yga toldirdi va qo‘limga qalam olishga undadi. Ochig‘i, men kimnidir maqtashu olqish yog‘dirish yoshidan o‘tganman va bundan qandaydir manfaat ham kutmayman. Sh.Mirziyoyevning barcha sohalarga berayotgan erkinligi sharofati bilan «Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim maskanini ochganman va tinglovchilarni o‘qitaman. Xudoga shukr, qora qozonim yaxshigina qaynab turibdi. Lekin gap boshqa yoqda. Bir inson harakat qilib, yangiliklar sari intilayaptimi, buni o‘z o‘rnida e’tirof etish ham lozim.

Birinchidan, men bir ilmiy muassasaning matbuot kotibiman. Kuni kecha chiqqan prezident qarori bilan yangi o‘quv yilidan boshlab boshliqning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi, mavqeim esa uning o‘rinbosariga tenglashtirilyapti. Kamiga maoshimizga 50 foiz ustama to‘lanadigan bo‘lyapti. Albatta, rahmat deyman.

Qarorga imzo qo‘ygan prezidentkuya, biroq uni tayyorlashda tashabbus ko‘rsatgan aynan Saida Mirziyoyeva edi. Demak, qisqa vaqt ichida butun boshli bir tizimni chuqur o‘rganib, uni yuqori bosqichga olib chiqish uchun kompleks yechim topa oldi. Bu vaziyatda uning mavqei qo‘l kelganiyam soha uchun bir yutuq aslida.

Ochig‘i, axborot xizmatlari xodimlarining shu kunlarda tili dadillashdi, yuragiga o‘t tushdi, huda-behudagi boshimizni qotiradigan, matbuot kotibi deganda nuqul o‘zini maqtash bilan shug‘ullanadigan xodimni tushunadigan tashkilot rahbarlari g‘imirlab qoldi.

Oshkoralik sari yurilmokda, jurnalistlarning erkin va tezkor axborot olishini ta’minlash yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etilyapti. Matbuot kotibi degan nomi bo‘lgani bilan ularning aksarida sharoit yo‘qligi ham ayni haqiqat. Hatto interneti va qo‘l telefoni bo‘lmagan kotibdan nimani ham talab qilish mumkin? Yoki umrida bir qog‘oz maktub yozmagan kimsalarning «yog‘li joylar»da matbuot kotibi lavozimlarini egallab olganiyu, jurnalistlarni oyog‘ining uchi bilan ko‘rsatishini hammamiz bilamizku. Marhamat, imtiyoz bilan birga mas’uliyat ham oshadi endi.

Ikkinchidan, Allamjonov va Mirziyoyeva boshqarayotgan agentlikda deyarli har hafta qiziqarli matbuot anjumanlari o‘tkazilyaptiki, jurnalistlar ham turli vazirlik, idora va muassasa rahbarlariga savollar berib shoshirib qo‘yyapti. Media makondagi hayotimiz yanada qiziqarli bo‘la boshladi, hech kim zerikayotgani yo‘q, fikrlar, ilg‘or g‘oyalar jo‘sh uryapti. Demakki, agentlik rahbariyatida demokratik intilish bor. Mirziyoyeva jurnalistlarni hurmat qilishini ochiq oshkor qilmoqda. Yaxshi bilsa kerakki, so‘z va fikr erkinligi har qanday demokratik jamiyatning asosiy ustuni. U pishiq qilib qurilsa, qolgan bezak-andoz uning ustiga barpo etilaveradi.

Bu bilan otasining islohotlarini amalga oshirishda to‘ldiruvchi vazifasini bajarayapti. Bu bilan xalqning ko‘z o‘ngida o‘ziga ham, davlat rahbariga ham qo‘shimcha siyosiy va ma’naviy dividentlar keltiryapti.

Sohamga to‘g‘ri kelgani uchun jurnalistlar bayramida qilgan nutqini internetdagi saytlarning biridan olib, diqqat bilan eshitdim.

Uning chiqishlarida so‘z ravonligi va soddaligi, mantiq-mushohada, izchillik, muammoni o‘rtaga qo‘ya bilish va uning yechimi, kommunikativ muloqotga kompleks yondashuv sezilmoqda.

Uchinchidan, eng asosiysi, real hayotdan uzilib qolmagan. Jurnalistlar kasb bayrami oqshomidagi nutqida Toshpo‘lat Rahmatullayev, Karim Bahriyev, Komiljon Shamsiddinov, Tursunali Akbarov, Ro‘ziboy Qo‘ldoshev, Jamshid Niyozov kabi jurnalistlar ham tilga olingani mamnun qildi. Ular bilan xayrixoh va hayotini yaxshi bilgan inson sifatida bu qahramonlik bo‘ldi.

Masalan, samarqandlik Toshpo‘lat aka tanqidiy maqolalari uchun uzoq yillar hokimiyat vakillari tomonidan tazyiqlarga uchragan bo‘lsa, «Hurriyat» gazetasining ilk bosh muharriri va o‘z vaqtida sohada haqiqiy yulduz sifatida porlagan Karim Bahriyevning maqolalari senzura sababli uzoq yillar chiqarilmay kelardi. Tursunali huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi muttaham va ochko‘z xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlarini ayovsiz tanqid qilar ekan, qamoq ostonasidan qaytib kelganini ham uncha-buncha ijodkorlar yaxshi biladi.

Iste’dodli va jasur, haqiqatparast ijodkor Komiljon Shamsiddinovning ham oxirgi paytlarda O‘zAda berilayotgan qator intervyulari milliy jurnalistikamiz tarixi solnomalarda bitishga arziydi. Xullas, do‘stlarim va ukalarim uchun xursand bo‘ldik.

Saidaxonning e’tirofi ularning barchasini, qolaversa soha vakillarini xushnud qilgani aniq. Aslida bu kabi fidoyi jurnalistlar uchun biror unvon yoki mukofot ham kerak emas. Ozgina e’tibor va ehtirom qalbini osmon qadar yuksaltiradi.

To‘rtinchidan, u «hamma narsaga qodir» va «ko‘p qirrali iste’dod egasi» kabi sifatlarga intilmayapti. Balki bugun shiddat bilan rivojlanayotgan muayyan bir sohani chuqur egallashga urinayotgan mutaxassis sifatida ishini davom ettirmoqda.

Saidaxon tomonidan muhtaram prezidentimizning Ramazon hayiti munosabati bilan oilada osh tayyorlash chog‘ida tushgan surati e’lon qilinishi bir kunda millionlab foydalanuvchilarga yetib bordi va xalqqa yanada yaqinlashtirdi. Shu vaqtga qadar O‘zbekiston rahbarining oilasi davrasida taom pishirib turgan tabiiy va jonli rasmi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganini kuzatganmidik? Yo‘q!

Mening qarashimcha, faqat o‘z oilasida baxtiyor insongina butun mamlakatni baxtli qila oladi. Bu shunchaki rasm emas, balki prezidentning ijobiy imiji bo‘ldi va u kishining butun xalq bilan birgaligini, oilaning muqaddas go‘shaligi va unda barcha teng a’zo ekanligi, faoliyati shaffofligini ko‘rsatdi.

Beshinchidan, albatta, Saidaxon huquqshunos sifatida har bir masalaning huquqiy jihatlariga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiy, ammo u ijtimoiy muammolarni ham puxta o‘rganayotgani sezilmoqda.

Masalan, kutilmaganda Bo‘ka tumaniga borib, maktablarni aylandi, qurilayotgan sport maydonchalariyu tashkil etilgan to‘garaklar bilan bafurja tanishdi. Bu o‘rganishdan keyin muhim bayonot bilan chiqdi. Natijada joriy o‘quv yilidan boshlab barcha maktablarda majburiy tatbiq etilishi kutilayotgan o‘quvchilarning majburiy maktab formasi ham bekor bo‘ldi. Bu – ehtiyojmand, yordamga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarning turmush sharoitiga salbiy ta’sir etmasdan qolmas edi. Jamiyatda oilasida bir necha nafar maktabga qatnovchi farzandi bor va ularning barchasiga birdaniga majburiy forma olib berishga qurbi yetmaydigan oilalar ham borligidan ko‘z yuma olmaymizku. Shu asnoda Mirziyoyeva jamiyatdagi eng quyi qatlamning ahvolini ham yaxshi bilishini ko‘rsatdi.

Besh tashabbusning muhim bo‘lagi bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirish va kitob targ‘ibotini kuchaytirish, yoshlarning musiqa va sportga jalb etish yo‘lidagi kundalik ishlarini ham xayrixohlik bilan kuzatib borayapmiz.

O‘zbekistonning boy madaniy, moddiy merosi, betakror manzaralari, noyob tabiati haqidagi turkum adabiyotlarni xorijga targ‘ib qilish va bu orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizm sohasidan tushadigan daromadlarni oshirish yo‘lida qo‘l urayotgan loyihalari ham ma’qul kelmoqda.

Har birimiz ham farzandlarimiz kamolini ko‘rishni istaymizki, ularning kichik bir yutug‘i ham bizning hayotga ishtiyoqimizni oshiradi, ilhomlantiradi. Prezidentning kichik qizi – Shahnoza Mirziyoyeva ham salkam 2 yildirki og‘riqli soha – maktabgacha ta’lim tizimida ishlab kelmoqda.

Shunday sharoitda men ijtimoiy tarmoqdagi ayrim foydalanuvchilarning mulohazalariga shunday javob bergim keladi: baski, shu yurt taraqqiyotiga yordami tegayotgan ekan, xo‘sh, nima uchun endi prezident qizi uy bekasi bo‘lib o‘tirishi kerak?!

Rahimboy Jumaniyozov,
filologiya fanlari nomzodi,
«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim maskani rahbari

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring