Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bolalik kunlarimda»: San’atkorlar bolalarga kitob o‘qib berishdi (foto)

«Bolalik kunlarimda»: San’atkorlar bolalarga kitob o‘qib berishdi (foto)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Bolalik kunlarimda» loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha o‘zbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish orqali millatimizning ulkan madaniy merosi, xalq og‘zaki ijodi namunalarini kelajak avlodga yetkazish maqsadida agentlik va Maktabgacha ta’lim vazirligi hamkorligida amalga oshirildi.

Xalq ertaklarining audio talqinini yaratishda bir guruh mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih va ruhshunoslar, aktyorlar hamkorlikda ish olib borgan.

Tadbirda o‘zbek xalqining sevimli ertaklaridan biri «Zumrad va Qimmat»ning audio talqini namoyish etildi. Loyiha doirasida, har oy yakunida 10 ta o‘zbek va rus tillaridagi ertaklar jamlangan disklar taqdim etiladi.

Shuningdek, audio ertaklarni ta’lim jarayoniga ham integratsiyalash, ulardan rivojlantiruvchi usul sifatida foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Professional studiyada yozilgan audio ertaklar muntazam ravishda maxsus Telegram-kanalda muayyan vaqtda bepul uzatib boriladi.

Tadbirda mutaxassislar maktabgacha ta’lim vazirligi bilan amalga oshirilgan bu loyiha yaxshi samara berishini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, bu kabi loyiha tizimli davom etadi.

Shuningdek, «Ko‘ngil ko‘zi» deb nomlangan loyihada ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus kitoblar yaratish rejalashtirilgan.

Kelajakda bolalarning chet tillarini samarali o‘zlashtirishini yo‘lga qo‘yish maqsadida audio ertaklarning inglizcha versiyasini ham tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring