Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sarbozordagi sirli toshlarning siri nimada? (foto)

Sarbozordagi sirli toshlarning siri nimada? (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Samarqand viloyati Payariq tumani Sarbozor mahallasidagi Aliobod qabristoni tarixiy maskanlardan biri. Bu yerda e’tibordan chetda qolayotgan beshta ko‘ktosh bor. Ularning tarixi haqida mahalliy aholi deyarli ma’lumotga ega emas. Qishloqdagi keksalar ham ayrim afsonalarni demasa, aniq fikr aytisholmaydi. Aytishlaricha, qadimdan shu atrofda hududning ulkan qoramol bozori bo‘lgan. Qishloqning Sarbozor nomini olgani ham shundandir.

Foto: «Xabar.uz»

Aliobod qabristonidagi toshlarni xalq Ko‘ktosh bobo ziyoratgohi sifatida ilohiylashtiradi. Emishki, tosh sirtidagi chuqurchalarga suv to‘ldirib, bolalarga ichirilsa, ko‘kyo‘talga em bo‘lar ekan. Buning qay darajada haqiqatga yaqin ekani noma’lum. Ammo ixlos qo‘yib, shifo topganlar ham talaygina.

Bizni qiziqtirgani, ushbu toshlarga arab alifbosida turli yozuvlar bitilgan. Ayrim mutaxassislarga ko‘rsatganimizda, arab imlosining birmuncha murakkab (zer, zabarsiz) uslubida yozilgan, deyishdi.

Foto: «Xabar.uz»

«Jomboy tongi» gazetasining o‘tgan yilgi sonlarida Jomboy tumanidagi Yakonshayx ziyoratgohi tarixi va ushbu qadamjo bilan bog‘liq afsonalar jamlangan turkum maqolalar chop etilgandi. Xususan, Jomboy tumani Nogahon mahallasi (Payariq tumani bilan chegaradosh) faxriylaridan Shodiqul Safarovning yozishicha, yetti aka-uka – Hasan shayx, Darvesh shayx, Olim shayx, Toir shayx, Pirim shayx, Qo‘shmon shayx va Yakon shayx o‘rta asrlarning tariqat va tasavvuf namoyondalari bo‘lishgan. Ular Bulung‘urdan Nurotagacha bo‘lgan huddudda joylashib, xalqqa ma’rifat tarqatishgan. Yana aytishlaricha, aka-uka shayxlarning har birida o‘ziga yarasha karomatgo‘ylik bo‘lgan.

Bir narsa aniqki, Yakon shayx, Toir shayx va Darvesh shayx nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlar va shu nomdagi mahalla va qishloq nomlari hozir ham bor. Ammo qolgan aka-ukalar qadamjolari, mangu qo‘nim topgan maskanlari qayerda, bu savol hozircha yechimini topmagan. Ehtimol, Aliobod qabristoni tarixi ham yuqoridagi afsonalarga bog‘liqdir. Agar qabristondagi ko‘ktoshlar bitigi o‘qilsa, ayrim jumboqlarga yechim topilishi mumkin.

Murod Norqulov, Sarbozor qishlog‘i


Tahririyatdan: Sarbozordagi sirli toshlarning siri nimada? Ko‘kyo‘talni davolashda ko‘ktoshning foydali xususiyati bormi? Soha mutaxassislari va manbaashunoslari ushbu savollarga javob topishda sarbozorliklarga yordam berishadi, degan umiddamiz.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring