Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

«Sen yetim emassan» filmida onasini ko‘rish uchun yugurgan qizcha esingizdami?

«Sen yetim emassan» filmida onasini ko‘rish uchun yugurgan qizcha esingizdami?

Dzidraning ko‘zlaridagi mung hammaning yodida...

Foto: Arxiv suratlaridan.

Jajji aktrisaning hayoti haqida nimalar bilamiz?

«Sen yetim emassan» filmida kinoteatrdagi tomoshani tashlab, onasini ko‘rish uchun yugurgan qizcha esingizdami? Uni olib ketishga kelgan ayol adashganini aytib, ortiga qaytadi. Bu Dzidraga qattiq alam qiladi. Oqibatda achchiq gaplari bilan asrab olgan onasini ranjitadi. Tavallud kunida esa qadrdonlaridan sovg‘alar, mehr-muhabbat olib, benihoya shod bo‘ladi. Quyida ana shu Dzidra roli ijrochisi Larisa Luppian hayoti va faoliyati xususida o‘qiysiz...

Toshkent, Chirchiq, Toshkent

Larisa Reginaldovna Luppian 1953-yil 26-yanvarda Toshkentda tug‘ilgan. Bobosi Toshkentdagi harbiy bilim yurtida o‘qituvchilik qilgan, buvisi general xonadonida bolalar tarbiyachisi edi. Otasi Reginald Eduardovichning kelib chiqishi baronlardan, tarixi esa Yekaterina II zamonida Rossiyaga kirib kelgan nemislarga borib taqaladi. Onasi Olga Nikolevna yarim rus, yarim polyak bo‘lib, tibbiyot institutiga hujjat topshirib, Toshkentda yashay boshlagan edi.

Larisa yetti yoshga to‘lganida ota-onasi ajrashib ketishdi. Onasi qizi bilan Chirchiqqa ko‘chib o‘tdi. Nevarasini o‘z tarbiyasiga olgan millati eston bo‘lgan buvisi unga nemischani o‘rgatishga intildi. Larisa bolalar bog‘chasiga qatnay boshladi. U tadbirlarda ishtirok etardi, hatto qorqiz rolini ijro etishga ham ulgurdi.

Ma’lum vaqtdan so‘ng Larisaning ota-onasi yarashishdi va qizaloq oilasi bag‘rida Toshkentda istiqomat qiladigan bo‘ldi. U kinodagi birinchi rolini rejissyor Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» filmida o‘ynadi. Toshkent kinostudiyasi tomonidan suratga olingan mazkur kartinada rol ijro etganida Larisa ikkinchi sinfda o‘qir edi.

Maktabni tugatgan Larisa Leningrad teatr, musiqa va kino institutiga o‘qishga kirdi. 1974-yili mazkur oliy o‘quv yurtining Igor Vladimirov kursini tamomladi. Lensovet teatriga ishga qabul qilindi. U talabalikdayoq sahnaga chiqa boshlagandi. Keyin kinoda ham rollar ijro etdi. 1978-yili «Kechikkan uchrashuv» filmida ilk bor bosh rolda namoyon bo‘ldi. Ammo Luppian kinoda kam rollar o‘ynadi. Ayniqsa, 1980 – 1990-yillarda ekranda deyarli ko‘rinmadi. 2000-yildan e’tiboran teleseriallarda ikkinchi darajali rollari bilan paydo bo‘ldi.

Boyarskiy bilan...

Larisa Luppian mashhur aktyor Mixail Boyarskiy bilan turmush qurgan. Ular bir institutda, ammo boshqa-boshqa kurslarda tahsil olishgan. Lensovet teatrida hamkasb bo‘lishdi. Qiz Mixailga zimdan e’tibor berib qaradi. U quvnoq, yoqimli, bir zumda har qanday davraning guliga aylanadigan inson ekanligiga amin bo‘ldi. Mixailga esa qiz shu darajada bechora, zaif ko‘rindiki (aktrisaning bo‘yi 160 sm), darhol o‘z himoyasiga olish istagi tug‘ildi. Shunday qildi ham.

Ularning to‘yi 1977-yilning 8-iyulida bo‘lib o‘tgan. 1980-yilda ularning oilasida Sergey tug‘ildi. Garchand kelgusida u iqtisod yo‘nalishini tanlagan bo‘lsa-da, she’r va qo‘shiqlar yozib turadi. 1985-yili esa Yelizaveta dunyoga keldi va mashhur aktrisa bo‘lib yetishdi.

Boyarskiy bilan nikohi davrida Larisa Luppian jiddiy muammolarga ham to‘qnash kelgan. «D’Artanyan va uch mushketyor» filmidan so‘ng Mixail Boyarskiy spirtli ichimliklarga ruju qo‘ydi. Larisa erini yo‘ldan qaytarish uchun ko‘p harakat qildi, biroq iztiroblarning adog‘i ko‘rinmagach, ajrashish uchun sudga ariza berdi. Boyarskiy og‘ir pankreatit bilan shifoxonaga tushdi va, o‘zining aytishicha, oilasini yo‘qotayotganini angladi va es-hushini yig‘ib oldi. Er-xotin yarashdilar. 2009-yili Luppian va Boyarskiy qaytadan nikohdan o‘tishdi. Bugun aktrisa ommaviy kechalardan o‘zini olib qochadi, baxt sokinlikni xush ko‘radi.

Bugungi kunda Larisa Luppian yangi filmlarda suratga tushmayotgan bo‘lsa-da, teatrning ardoqli aktrisasi hisoblanadi. 2018-yili u Lensovetning «Aybsiz aybdorlar» spektaklida rol ijro etib, sahnaga chiqdi. Luppian ma’lum vaqt «Teatr durbini» ko‘rsatuviga muallif va boshlovchilik ham qilgan.

Og‘ir tushkunlik, hasad-gina va bolalar tarbiyasi

(Aktrisa bilan intervyudan)

Larisa Luppian: – Men institutni tamomlab, «Lensovet» truppasida ishlay boshlagach, ko‘kka parvoz qildim deyish mumkin: bir oyda 40 ta spektaklda rollar ijro etdim. Qolaversa, biz teatrimiz aktyorlari bilan har haftada o‘sha paytning mashhur telespektakllarida o‘ynar edik.

Aleksey Batalov bilan «Kechikkan uchrashuv» filmida bosh rolni o‘ynash asnosida, endi rejissyorlar meni takliflarga ko‘mib tashlaydi, deb o‘ylagandim. Biroq... kutilmaganda tanaffus qilishimga to‘g‘ri keldi. Yoshim 26 da, kuch-quvvat, umid, ishonchga limmo-lim to‘lgan edim, ammo... telefon jiringlamas, jimjit edi.

Ustozim Igor Vladimirov ham menga mutlaqo e’tibor bermay qo‘ydi: olti yil mobaynida yangi rol ko‘rmadim! Sababini keyin anglab yetdim: Vladimirov «Uch mushketyor» filmidan so‘ng megayulduzga aylangan erim Boyarskiyning muvaffaqiyatiga hasad qilgan edi. Mashhur aktyorning rafiqasiga rol bermay taskin topardi u. Mishaning muammolarim bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘q, boshi bilan ishga sho‘ng‘igan edi.

Men teatrdan ketdim. Ishsiz qoldim. Qattiq siqilganim oqibatida tushunarsiz kasallikka yo‘liqdim. Tana haroratim har kuni – 37,3°S. Vrachlar yelkasini qisadi. Nevropatolog hayotimda nimalar bo‘lganini so‘ray boshladi. Men yig‘lab yubordim. «Mana bo‘ldi... Siz sababini tan oldingiz, endi tuzalasiz», – dedi u. Xuddi shunday bo‘ldi.

Oradan uch yil o‘tib, Vladimirov meni teatrga qaytardi. Lena Solovey teatrdan ketgach, Larisa Luppianni eslab qolgan edi. Yana rollar ijro eta boshladim. Biroq mening aktyorlik hayotim o‘zim istagandek bo‘lmadi. Bizning kasbda ko‘p narsa hodisalardan kelib chiqadi. Masalan, televideniyeda tez-tez ko‘rinib turish kerak, men esa buni tushunmaganman.

Misha bilan nikohimizdan so‘ng to‘y sayohatimiz ham bo‘lmagan. Boyarskiy kinoda suratga tushishni davom ettirdi, men esa dam olish uchun Toshkentga yo‘l oldim. Erimni rashk qilmas, unga ishonardim.

Boyarskiy ichkilikka ruju qo‘ygach, shifokorlarga yalindim: «Erimga aytinglar, ichishi mumkin emasligini tushuntiringlar, axir!» Ular va’da berishar, biroq Mishaning oldiga kirgach... «Oh, Mixail Sergeyevich! Sizni ko‘rganimizdan behad xursandmiz! Ellik gramm olsangiz, hech narsa qilmaydi».

Erkak ichishni tashlashga o‘zi qaror qilmasa, hammasi befoyda. Misha kuchli bo‘lib chiqdi.

Bugun erim ikkimiz buvi va buva rollarini o‘ynayapmiz. Ammo Liza uchun tashvishdaman. Ishga berilib ketib, onalik baxtidan mosuvo bo‘lmasin, deyman. Bolalar kichkinaligida bu baxt naqadar zavqli! Voyaga yetishdimi, ularning o‘z hayoti bo‘ladi. Shu bois qizimga uyda ko‘proq bo‘lishi kerakligini tayinlayman. Liza Maksim bilan baxtli turmush kechirmoqda. Ular baxtli ota-ona, bir-biriga munosib juftlik.

Larisa Luppian filmografiyasi

1962 – «Sen yetim emassan» – Dzidra.

1973 – «Alisa Freyndlix. Saylanma» (hujjatli film)

1974 – «Besh daqiqa qoldi» (film-spektakl)

1975 – «Troil va Kressida» (film-spektakl)

1977 – «Iyundagi ortiqcha kun» (film-spektakl) – Melisenta.

1978 – «Kechikkan uchrashuv» – Natasha Proskurova, leningradlik yosh aktrisa.

1982 – «Rudin» (film-spektakl) – Aleksandra Pavlovna Lipina

1982 – «Mont-Oriol» (film-spektakl) – Sharlotta Oriol

1984 – «Mimoza va boshqa gullar dastasi» – Alyona, Dimaning rafiqasi.

1987 – «Mening jangovar hisob-kitobim» – shifoxonadagi bemor.

1992 – ««Mushketyorlar oradan yigirma yil o‘tgach» – monax ayol.

1994 – «Kar (ochilmaydigan jinoiy ish)» – Katya.

1998 – «Yuz» (film-spektakl)

1999 – «Oldindan to‘layman» – Polina Sergeyevna Ametistova, xotin, aktrisa.

2002 – «Fonuslari sindirilgan ko‘chalar-4», Valeriyaning onasi.

2002 – «Intim hayot» (film-spektakl) – Amanda.

2003 – «Frederik yoxud jinoyatlar xiyoboni» (film-spektakl)

2003 – «Istak-xohishlar tramvayi" (film-spektakl) – Blansh Dyubua.

2004 – «Fonuslari sindirilgan ko‘chalar-6» – Irina Petrovna Zelenina, deputat.

2004 – «Tergov sirlari-4» – Polyanskaya.

2004 – «O‘zimning yot hayotim».

2005 – «Eshelon» – pani Zborovska.

2007 – «Har donishmandga oddiylik yetarli» (film-spektakl) – Sofya Ignatevna Turusina.

2007 – «Taqdir hazili. Davomi» – aeroport xodimasi.

2007 – «Tozilar» – Natalya Sergeyevna Chulkova, tergovchi.

2008 – «Night and day» (film-spektakl) – Janna, Maksning sobiq xotini.

2008 – «Mushketyorlarning Rossiyadagi favqulodda sarguzashtlari» (hujjatli film).

2008 – «Madaniy qatlam. Aktyor Leonid Dyachkov» (hujjatli film).

2009 – 2010 – «So‘z ayolga» – Natalya Ananeva.

2009 – «Ofarin, Laurensiya!» 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring