Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sergelida qurilgan yangi uylarning «potologi»dan chelaklab suv oqmoqda (video)

Sergelida qurilgan yangi uylarning «potologi»dan chelaklab suv oqmoqda (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

Toshkent shahrining Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar sifati haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin mana bu tasvirlarni ko‘rgan kishi bu haqda keragidan ortiq tasavvurga ega bo‘ladi, deyiladi «Qo‘shni mahalla» kanalida e’lon qilingan videoga berilgan izohda.

Qayd etilishicha, bu — Sergelidagi 8-uchastka, 37-uydagi xonadonlarning biridan olingan lavha. Videolavhani yuborgan shaxsning aytishicha, xonadon «potologi»ning qayerini teshsangiz ham suv oqib tushaveradi. Har bir «tochka»dan besh-olti chelakdan...

«Bu holatni kuzata turib, bu uylarni qaysi «professional» ustalar qurayotganiga hayron qolasan kishi. Ular bu yerda ertaga odam yashashini hisobga olganmikan? Aslida bu uylarning nomi arzon, illo o‘zi emas.  Odamlar yillar davomida misqollab yiqqan o‘z pullariga uylarni xarid qilyapti-ku axir?!

Shu narsa aniqki, bu uylarni qurganlarning birortasi buni tekinga ham olmaydi va bu yerda bog‘lab qo‘ysangiz ham yashamaydi. Chunki ular bu uylarni istalgan payt suv bosib ketishi mumkinligini, devori qo‘porilib tushishini, umuman, uyning bu sifati uzoqqa bormasligini yaxshi bilishadi.

Hammaga insof bersin. Ayniqsa quruvchilarga. Ayniqsa, Sergelidagi quruvchilarga», deyiladi izohda.

Tomda shuncha suv yig‘ilgan bo‘lsa, bunaqa ahvolda istalgan paytda xonadonda yashayotganlarni (bolalar bo‘lishi mumkin) tom bosib qolishi mumkinku? Bu uylarni qurib, pullaganlar uchun inson hayotining qadri yo‘qmi? Bu shunchaki dahshat!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring