Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatiga oid farmonni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatiga oid farmonni imzoladi

Illyustrativ surat.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Prezidentining «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi. Farmon «O‘zbekiston 24» telekanali orqali o‘qib eshittirildi.

Adliya vazirligining «Telegram»dagi «Huquqiy axborot» kanalida xabar berilishicha, farmon bilan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida bir qator tadbirlar belgilandi. 

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari eng avvvalo:

— og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarni o‘z vaqtida aniqlash, ular bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni olib borish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash;

— xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralarni amalga oshirish;

— xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, shu jumladan, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga shaxsan javobgardir.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbari etib saylanganidan so‘ng O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Basitxanova lavozimidan ozod etilib, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarligiga o‘tkazilgan, uning o‘rniga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi sifatida ishlab kelayotgan Tanzilla Norboyeva tayinlangan edi.

Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning-22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga yo‘llagan murojaatnomasini o‘qib berish asnosida ma’ruzadan chetga chiqib bir qancha amaldorlarni qattiq tanqid qilgan, Xususan, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzilla Norboyevaning faoliyati va umuman, O‘zbekistondagi xotin-qizlar ahvoliga alohida to‘xtalib o‘tgan edi:

«Xotin-qizlar masalasi bo‘yicha qarorga qo‘l qo‘ya olmayapman. Joylarda ayollarni ahvoli juda og‘ir. Oddiy ayolni dardini hech kim bilolmayapti. Xotin-qizlar raisi majlislarda o‘tiravermasdan javobgarlikni bo‘yniga olsa», — degan edi O‘zbekiston rahbari. 

Prezident o‘z ma’ruzasida ayollar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari soat sayin oshayotganini alohida qayd etdi. «Norboyevaga o‘xshagan «kottakonlar» statistika berishning o‘rniga mana shu holat haqida bong urishi kerak», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shundan so‘ng Xotin-qizlar qo‘mitasi kerakmi-yo‘qmi o‘zi, degan masalani o‘rtaga tashladi va modomiki kerak ekan, uning faoliyati qay yo‘sinda bo‘lishi kerak, shu haqda yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerakligini aytib o‘tgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring