Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
Shaxsga doir ma’lumotlarning samarali himoya qilinishi ta’minlanadi.
Qonun (O‘RQ–1125-son, 26.03.2026 y.) bilan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
- shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
- shaxslarning genetik ma’lumotlari;
- O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
- chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
- operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
- ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter