Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shayx Abdulaziz Mansur: «Aziz-avliyolarga atab qabristonlarda qurbonliklar qilish, qabrlarni tavof etish bid’atdir»

Shayx Abdulaziz Mansur: «Aziz-avliyolarga atab qabristonlarda qurbonliklar qilish, qabrlarni tavof etish bid’atdir»

Musulmon kishi o‘zining imon va e’tiqodiga binoan barcha hojatlarini faqat yagona Alloh taolodan so‘rashi shart. 

Foto: «Qadamjo.uz»

 Yurtimizda inson sha’ni, qadr-qimmati, izzati va sharafi hamisha yuksak qadrlanadi. Tirikligida Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun xizmat qilgan kishilar vafot etganlaridan keyin ham e’zozu e’tiborda. Ayniqsa, ular mangu qo‘nim topgan ravzalar, maqbara va xilxonalar umumxalq xayriya hasharlarida, shonli sanalarda obodonlashtirilib, tartibga keltiriladi. Bunday ishlar xalqimizning ezgu a’moliga aylangan-, deb yozmoqda O‘zA.

9-may – Xotira va Qadrlash kuni arafasida ziyoratgohlar, qabristonlar ajdodlarimizni xotirlab, ularning bugungi saodatli kunlarga yetib kelishimizdagi beqiyos xizmatlarini yodga olib yuziga fotiha tortayotgan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ladi. 

Ko‘chada tobut ko‘tarib ketilayotgan bo‘lsa, barchamiz – piyoda ham, ulovga mingan ham darhol tobutga yelkamizni tutib, kamida yetti qadam ko‘tarishamiz. Marhumni Alloh rahmatiga olsin, deya yuzimizga fotiha tortamiz. Qabriston yonidan o‘tsak, duo qilamiz. Xo‘sh, aslida, qabristonni ziyorat qilishda nimalarga e’tibor qaratish zarur, ziyorat odoblari nimalardan iborat, ayollar ham marhumlar mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qilsa bo‘ladimi? 

Ushbu savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansurga murojaat qildik.

– Assalomu alaykum, hurmatli shayx hazratlari! Yurtimizda har yili Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Shu kuni yurtdoshlarimiz o‘tganlarni yod etish maqsadida qabristonlarni ziyorat qiladi. Muqaddas dinimizda qabriston ziyorati to‘g‘risida nima deyilgan? 

– Vaalaykum assalom. Bismillahir rohmanir rohim. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan «Qabrlarni ziyorat qilish odobi haqida» fatvo qabul qilingan. Unga ko‘ra, qabristonni ziyorat qilish chog‘ida quyidagilarga alohida e’tibor qaratish zarur. Avvalo, qabristonga kirilganda «Sizga salom bo‘lsin ey qabriston ahli», deya salom beriladi.

Qabrlarni ziyorat qilish – sunnat amal. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Endi qabrlarni ziyorat qilavering. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi» (Imom Muslim rivoyati), deganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) islomning ilk davrida qabrlarni ziyorat qilishni taqiqlagan edilar. Chunki bu paytda johiliyat davrining ba’zi odatlari saqlanib qolgan bo‘lib, ayrim qabilalar maqtanish hamda g‘ururlanish uchun o‘liklarning qahramonliklarini sanab, baqir-chaqir, oshkora yig‘i-sig‘i qilardi. Islom odob va axloqi insonlar qalbiga o‘rnashgach, qabrlar ziyoratiga ruxsat berildi.

Aziz avliyolarning maqbaralarini, yaqinlarimizning qabrlarini ziyorat qilish savob amallardan. Ammo buning ham o‘ziga yarasha tartib-qoidalari bor. Masalan, aziz avliyolarning mozoriga borilganda odob bilan tilovat va duo qilinib, savobi marhumga bag‘ishlanadi. 

– Qabriston yonidan o‘tayotib yuzimizga fotiha tortamiz. Ba’zan mashinada ketayotib quloqni qomatga keltiradigan musiqa sadolari ostida ham shu holat takrorlanadi. Dinimizda bu haqda nima deyilgan? 

– Qabriston yonidan o‘tayotgan kishi, agar vaqti bo‘lsa, ulovidan tushib Qur’on tilovat qilishi va uning savobini marhumlarga bag‘ishlashi lozim. Bordi-yu, vaqti ziq bo‘lsa, u holda «Marhumni Alloh rahmatiga olsin», deya fotiha qilib o‘tib ketaveradi.

– O‘tgan hafta oilam bilan Zangiota ziyoratgohiga bordik. U yerda bir ayol yig‘lab Zangiotadan farzand so‘rayotgan ekan. Avliyolardan hojat so‘rash mumkinmi? 

– Shuni unutmasligimiz kerakki, ziyoratchi qabrda yotgan avliyo yoki boshqa zotlardan madad so‘rab, undan hojatini ravo qilinishini talab etmaydi. Har qanday hojatlarni ravo etishni bevosita faqat Parvardigorning o‘zidan so‘raladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchun, ammo qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, ulug‘ avliyolar qabrlariga borib, hojatlarini so‘raydigan, baxtini so‘rab, befarzandlar farzand talabida, ishiga rivoj tilab boradiganlar, istaklarini sohibi qabrlardan so‘raydigan bo‘lib qolishgan. Har qanday istak, tilaklarni faqat yolg‘iz Allohdan so‘ralishi kerak. 

Bundan tashqari, aziz-avliyolarga atab qabristonlarda qurbonliklar qilish, qabrlarni tavof qilish ham bid’atdir. 

Ayrim kishilar shifo tilab, befarzandlar farzand talabida yoki boshqa hojatlarini marhumlardan so‘rab, qabrlarni tavof qiladilar. Ustun va burchaklarni silab, yuzlarini surib, ostonasini o‘padilar, nola qilib: «Oldingizga umid bilan uzoqdan keldim, duolarimni qabul qiling», deya iltijo qiladilar. Bunday qilish mumkin emas.

Alloh taolo marhamat qiladi: «Allohni qo‘yib, qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko‘ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o‘sha (mushrik)larning duolaridan g‘ofil (bexabar)dirlar» (Ahqof surasi, 5-oyat). 

Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlarining muborak hadislarida marhamat qilganlar: «Kim Allohdan boshqaga duo qilib vafot etsa, do‘zaxga kiradi».

– Bobom Mahmadiyor Yaxshiliqov Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. U kishi bundan 15 yil avval vafot etdi. Har yili Xotira va qaddrlash kuni arafasida bobomning qabrini ziyorat qilamiz. Umumxalq xayriya hasharlarida sag‘ana atrofini tartibga keltirib, gullar, ko‘chatlar ekamiz. Besh yil avval yerga qadagan nihol bugun ko‘kka bo‘y cho‘zib, ulkan daraxtga aylandi. Yaqinda qabristonga borsam shu daraxtga turli lattalar ilib tashlanibdi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

– Tilaklar ijobat bo‘ladi, deya qabristondagi daraxtlarga latta bog‘lash, qabrlar yoniga sham yoqish, qabr toshlarini o‘pish bid’at va xurofot amallardan. Bu ishlarni qilgan kishi gunohkor bo‘ladi. Axir, hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga bog‘lab, hojatim ravo bo‘ladi, deyish mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi-ku.

Ba’zi kishilar hojatlarini ro‘yobga chiqishini so‘rab qabristondagi daraxtlarga, qabr panjarasiga latta bog‘laydi.

Musulmon kishi o‘zining imon va e’tiqodiga binoan barcha hojatlarini faqat yagona Alloh taolodan so‘rashi shart. 

Alloh taolo bu haqda shunday deydi: «Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!» (Kahf surasi, 110-oyat).

Allohdan boshqaga atab qurbonlik qilish – katta gunoh. Jonliq so‘yish gohida ikki harom narsani o‘zida jamlaydi: Allohdan boshqa uchun so‘yish va Allohdan boshqaning nomi bilan so‘yish. Bu maqsadda so‘yilgan jonliqning go‘shtini iste’mol qilib bo‘lmaydi. 

«Raddul Muxtor» kitobida shunday deyilgan: «Avom xalq tarafidan o‘liklarga atab nazr qilish, Allohning do‘stlari qabrlariga ularga yaqin bo‘lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir». 

– Islom dinida qabrga tosh qo‘yishga ruxsat etilganmi?

– Qabr yo‘qolib ketmasligi uchun belgi sifatida uning ustiga tosh yoki taxta qo‘yish joiz. Toshlarga marhumning ismini yozib qo‘yishga ham ruxsat etiladi. Ammo qimmatbaho toshlarga o‘yib yozish, dabdabali qilib o‘rnatish mumkin emas. Bu isrofga kiradi. Dinimizda isrof qattiq qoralanadi.

– Ba’zilar ayollar qabristonga borishi mumkin emas, deyishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri, dinimizda bunga qanday qaraladi?

– Qabristonlarni ziyorat qilish savob ishlardan bo‘lib, qalblarni yumshatadi, kishiga oxiratni eslatadi. Shu bois ayollar ham qabristonga borsa bo‘laveradi. Olimlar ayollarga ziyorat qilish odoblarini buzmaslik sharti bilan qabrlarni ziyorat qilishlari joiz deyishgan.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qabrning oldida yig‘lab o‘tirgan bir ayolning yonidan o‘tib qoldilar va: «Allohdan qo‘rq va sabr qil», dedilar. U ayol payg‘ambar alayhissalomni tanimay: «Ket, senining boshingga musibat tushmagan» dedi. Keyin u ayolga bu zotning payg‘ambar ekanini aytdilar. U payg‘ambar alayhissalomning uylariga kelib: «Sizni tanimabman», deb (uzr so‘radi). Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Haqiqiy sabr musibatning ilk lahzasida (bilinadi)», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati). 

Hazrat Fotima har juma kuni amakisi hazrat Hamzaning qabri ziyoratiga borar, u yerda amakisi uchun duolar qilardi. 

Qabriston ziyoratiga borayotgan ayollar avratlarini bekitib, libos va ziynat bobida kamtarona bo‘lishini unutmasliklari lozim.

Tolibjon Nizomov yozib oldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring