Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov nima uchun Tojikistonda maktab qurilganini tushuntirdi

Sherzod Shermatov nima uchun Tojikistonda maktab qurilganini tushuntirdi

Tojikiston Respublikasi, So‘g‘d viloyati, Spitamen nohiyasida shu vaqtga qadar 32 ta maktab bor edi. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan beg‘araz qurib berilgan maktab 33-si bo‘ldi. Kecha mana shu maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston tomonidan xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

Avvalo ikki og‘iz maktab joylashgan hudud haqida. Tursun O‘ljaboyev nomidagi mahalla yangidan bunyod etila boshlagan bo‘lib, ilgari bu yerlar dala-dasht joy edi. Uch-to‘rt yil muqaddam mana shu lalmi joylardan aholiga uy qurish uchun tekinga yer ajratib berila boshlandi. Hozir mahallada bo‘sh yer deyarli qolmagan. Faqat bir muammo — maktab yetishmayotgan edi.

2018-2019 yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi»ga muvofiq so‘g‘dliklarga sovg‘a o‘laroq ushbu maktab qurib bitirildi.

Maktabga kirsangiz, havasingiz keladi. Zamon talablari asosida bunyod etilgan ta’lim maskanida sifatli ta’lim olish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Maktab fizika, kimyo, astronomiya, biologiya, chizmachilik bo‘yicha ixtisoslashtirilgan fanlardan amaliy mashg‘ulotlarni, shuningdek, o‘g‘il bolalarni metall va yog‘ochni qayta ishlash, qizlarni uy xo‘jaligi, oshpazlik san’ati va hunarmandchiligi bo‘yicha mehnat ko‘nikmalariga o‘rgatish uchun individual shartlarga binoan amalga oshirildi. Maktab yopiq sport zali, ochiq stadion, zamonaviy kutubxona bilan to‘liq jihozlangan.

Endi bu maktabda o‘zbek va tojik tillarida dars o‘tiladi. Shuningdek ingliz tiliga ham urg‘u berilishi ko‘zda tutilgan.

— Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangani hamono tashqi siyosatda ustivor yo‘nalish sifatida qo‘shni davlatlar bilan aloqani yaxshilash harakatlarini boshlagan edi. Shu maqsad yo‘lida barcha qo‘shni davlatlar, shu jumladan Tojikiston bilan aloqalar kuchaytirildi. O‘zingiz yaxshi bilasiz, chegaralar ochildi, iqtisodiy va madaniy hamkorlik kuchaydi. Mana shu hamkorlikning asosi sifatida ushbu maktab qurilib, foydalanishga topshirilganini aytish mumkin. Chunki ta’lim — uzoq muddatli hamkorlikning poydevori bo‘lishi lozim.

Maktab bilan tanishish vaqtida o‘quvchilarni ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Ular turli tillarda bemalol gapirishlaridan ko‘nglim ko‘tarildi. Tarixan olib qaraganda ham bizning hududlarimizdan Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va boshqa allomalar yetishib chiqqan. Biz ular bilan faxrlanamiz va kelajakda mana shu maktabdan ham dunyo taniydigan olimlar yetishib chiqishini niyat qilamiz, — deydi Sherzod Shermatov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring