Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shimoliy Koreya yadro sinovlarini to‘xtatadi

Shimoliy Koreya yadro sinovlarini to‘xtatadi

Foto:«Emol.com»

«Shimoliy Koreya 21-apreldan boshlab mamlakat bo‘ylab yadro va qit’alararo ballistik raketalar sinovini to‘xtatadi hamda yadro sinovi o‘tkaziladigan poligonini yopadi. Bu haqda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In ma’lum qildi», — deya xabar bermoqda «Euronews» KXDRning rasmiy «KCNA» agentligiga asoslanib. Uning ushbu qarorini Vashington va Seul qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Tokio qoniqarsiz deya baholadi.

«21 apreldan boshlab Shimoliy Koreya yadro va ballistik raketalar sinovini butunlay to‘xtadi», — degan KXDR rahbari Kim Chen In. Shuningdek, u yadro poligoni o‘z vazifasini bajarib bo‘lganini ta’kidlagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbarining ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan va bu Shimoliy Koreya va butun dunyo uchun ajoyib yangilik bo‘lganini aytib o‘tgan.

O‘z navbatida Seul ham o‘z munosabatini bildirib, ushbu qaror Koreya yarimorolini yadrodan xoli zonaga aylantirishdagi muhim qadam bo‘lganini e’tirof etgan.

Ammo Yaponiya mudofaa vaziri Yaponiyaning Shimoliy Koreyaning ushbu yangiligidan ko‘ngli to‘lmaganini va Pxenyanga bosimni davom ettirishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya rahbarining ushbu qarori uning janublik hamkasbi bilan o‘tkazishi kerak bo‘lgan sammitga bir hafta qolganda e’lon qilinmoqda. Shu yilning iyun oyi boshida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida uzoq kutilgan tarixiy uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Donald Tramp 18 aprel kuni agar uchrashuv samarali bo‘lmasa, Kim Chen In bilan rejalashtirilgan uchrashuvdan voz kechishi mumkinligidan ogohlantirdi. 

Mabodo, Kim Chen In va Donald Tramp uchrashuvi samarali o‘tsa va Shimoliy Koreya yadroviy dasturidan butunlay voz kechsa, bu Donald Tramp ma’muriyatining katta yutug‘i bo‘ladi va prezident Trampning reytingini keskin oshirib yuborishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring