Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shohimardon — Farg‘ona tog‘laridagi betakror sayohat maskani

Shohimardon — Farg‘ona tog‘laridagi betakror sayohat maskani

Turizm qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning eng go‘zal maskanlaridan biri bo‘lgan Shohimardonga mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda taniqli blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Shohimardon Farg‘onadan 55 km janubda, dengiz sathidan 1500 m balandlikda, Oloy tizmasi tog‘lari orasida joylashgan. Shohimardonni ikki tomondan Oq-su va Ko‘k-su tog‘ daryolari yuvib, bir daryoga - Shohimardon-soyga birlashadi. Qizig‘i, Farg‘onadan ketayotib, qishloqning o‘ziga yetib borish uchun Shohimardon-soy daryosidan yetti marta o‘tish kerak.

1930 yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hududlar almashinuvi natijasida Shoximardon O‘zbekiston tarkibiga kirib, anklav — Qirg‘izistonning Botken viloyati yerlari bilan o‘ralgan o‘ziga xos kichik orolni tashkil qildi. O‘zbekistonning «asosiy» hududigacha bo‘lgan masofa taxminan 17 km.

Shohimardondan yetti kilometr janubi-sharqda Kulikubbon ko‘li yoki Moviy ko‘l joylashgan. U 1766 yildagi bir qator zilzilalardan so‘ng shakllangan. Ko‘l dengiz sathidan 1724 metr balandlikda joylashgan. Uzunligi 170 metr, kengligi - 60 metr, chuqurligi - 5 metrdan 10 metrgacha. Yozda suv harorati 10-15 darajagacha ko‘tariladi. Ikki kilometrlik teleferik ko‘lga olib boradi. Tabiatning bu burchagi ham mahalliy aholi, ham sayyohlar uchun eng sevimli hisoblanadi.

So‘nggi yillarda Shohimardonda turizm infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda. Bu yerda yangi mehmonxonalar, dam olish maskanlari, kafe va restoranlar barpo etilib, zamonaviy qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, ekoturizm va tog‘ sayohatiga qiziquvchilar uchun maxsus yo‘nalishlar ishlab chiqilgan. Mahalliy aholi ham turizm sohasiga faol jalb etilib, mehmonlarga milliy taomlar, hunarmandchilik mahsulotlari va xalqona xizmatlar taklif etmoqda.

Shohimardonning tarixiy va madaniy merosi ham sayyohlar e’tiborini tortadi. Bu hududda joylashgan qadimiy masjid va ziyoratgohlar ko‘plab mehmonlar uchun qiziqish uyg‘otadi. Shohimardon nafaqat tabiiy go‘zalligi, balki boy tarixi va mehmondo‘st aholisi bilan ham yurtimizning eng mashhur sayyohlik nuqtalaridan biriga aylanib bormoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring