Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shveysariyada aholi sonini 10 million bilan cheklash g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanyapti

Shveysariyada aholi sonini 10 million bilan cheklash g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanyapti

Shveysariyada mamlakat aholisi sonini 10 million kishi bilan cheklash tashabbusi tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda. So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, fuqarolarning 52 foizi ushbu g‘oyani ma’qullagan.

Agar iyun oyida bo‘lib o‘tadigan umumxalq ovoz berishida tashabbus qabul qilinsa, hukumat 2050-yilgacha mamlakat aholisi 10 milliondan oshmasligi uchun immigratsiyani qisqartirish choralarini ko‘rishiga to‘g‘ri keladi. Hozirda Shveysariya aholisi 9,1 million kishini tashkil qiladi.

So‘rovlarga ko‘ra, aholining 46 foizi tashabbusga qarshi chiqqan, 2 foiz ishtirokchi esa hali qaror qabul qilmagan. Shu bilan birga, qo‘llab-quvvatlovchilar soni o‘tgan oyga nisbatan oshgani qayd etilmoqda.

Tashabbusni o‘ng qarashdagi Shveysariya Xalq partiyasi ilgari surmoqda. Ular, ayniqsa, boshpana so‘rovchilari va chet eldan kelayotganlar soni oshib borayotgani uy-joy muammosi va infratuzilmaga bosimni kuchaytirayotganini ta’kidlamoqda.

Biroq tashabbusga qarshi chiqqanlar uni «mamlakatda katta muammo keltirib chiqaruvchi tashabbusi» deb atashmoqda. Ularning fikricha, bu qaror chet ellik mutaxassislarni jalb qilishni qiyinlashtiradi va biznesga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Shveysariyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini yomonlashtirishi mumkin.

Shveysariya hukumati ham tashabbus iqtisodiyotga milliardlab frank zarar keltirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Shveysariya aholisining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i mamlakat fuqarosi hisoblanmaydi. Bu Yevropa davlatlari ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring