Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryo hududida karantin holati e’lon qilindi

Sirdaryo hududida karantin holati e’lon qilindi

Foto: «O‘zdavkarantin» matbuot xizmati

Xitoy Xalq Respublikasidan Sirdaryo viloyatiga 3 million dona tut ko‘chati Karantin ruxsatnomasisiz olib kirilgan. Mazkur 3 million dona tut ko‘chati «bo‘rtma nematoda» bilan zararlangani uchun yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan. Bu haqda «O‘zdavkarantin» matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, mazkur tut ko‘chati O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining Markaziy karantin laboratoriyasi tekshiruvidan o‘tkazilganda ildiz qismida bo‘rtma nematoda topilgan va tegishli karantin choralari ko‘rilishi yuzasidan xulosa berilgan.

Bo‘rtma nematoda pomidor, bodring, sabzi, piyoz, g‘o‘za, gilos, o‘rik va boshqa ekinlarni kuchli zararlaydi. Bo‘rtma nematoda bilan zararlangan mazkur ekinlar yoppasiga qurib qoladi. Lichinkalarning rivojlanishi natijasida o‘simlik butunlay nobud bo‘ladi. Dunyo bo‘yicha bo‘rtma nematodalar bilan 2000 turga yaqin turli oilaga mansub madaniy va yovvoyi o‘simliklar zararlangan, bo‘rtma nematoda bilan zararlangan o‘simliklarning soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Foto: «O‘zdavkarantin» matbuot xizmati

Inspeksiyasining  taqdimnomasiga muvofiq, viloyat hokimligining qarori bilan tut ko‘chatlari keltirilgan hududda karantin holati e’lon qilindi. Xitoydan keltirilgan 3 million dona tut ko‘chatlari viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining maxsus poligonida tegishli tashkilot va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi Qonunining 29-moddasiga asosan respublika hududiga karantin ostidagi mahsulotlar hamda o‘simliklarning ekish materiallarini (urug‘lik, ko‘chat, tuganak, piyozbosh va boshlqalar) olib kirishdan avval «O‘zdavkarantin» inspeksiyasidan karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikatini olish maqsadga muvofiqdir, deyiladi inspeksiya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, karantin ruxsatnomasi – karantin ostidagi mahsulotni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib o‘tishga ruxsat berilganligini tasdiqlaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan hujjat. Ushbu hujjatda respublikamizning fitosanitar talablari ko‘rsatiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring