Soliq qarzi ko‘p bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari ma’lum qilindi
2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari soni 1 014 tani tashkil etgan. Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur korxonalarning jami soliq qarzi 1 trln 559,6 mlrd so‘mga yetgan.
Shundan 565,6 mlrd so‘m, ya’ni umumiy qarzning 36,3 foizi eng katta qarzdor bo‘lgan 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa sohadagi soliq qarzlarining katta qismi ayrim yirik korxonalarda jamlanganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori soliq qarzi Farg‘ona viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerdagi ishlab chiqarish korxonalarining qarzi 354,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 299,6 mlrd so‘m va Andijon viloyati — 197,5 mlrd so‘m bilan qayd etilgan.
Soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari ro‘yxatida Farg‘ona viloyatidagi «SHAFFOF METAN SANOAT» MChJ 196,1 mlrd so‘m qarz bilan birinchi o‘rinni egallagan.
Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyatidagi «SILIKON COLOR» MChJ bo‘lib, uning qarzi 75,2 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uchinchi o‘rindan Farg‘ona viloyatidagi «GRANULA PLAST SIFAT» MChJ joy olgan — 69,5 mlrd so‘m.
Shuningdek, ro‘yxatdan «METALICOM IMPEX» MChJ (56,9 mlrd so‘m), «FARGONA NEFTNI QAYTA ISHLASH ZAVODI» MChJ (45,7 mlrd so‘m), «SHEROBOD SEMENT ZAVODI» MChJ (31,2 mlrd so‘m), «SO‘NMAS-PLAST» MChJ (25,2 mlrd so‘m), «PETROMARUZ UZBEKISTAN» MChJ (24 mlrd so‘m), «URBAN LYUKS» MChJ (21,9 mlrd so‘m) va «KOMSAR» MChJ (19,9 mlrd so‘m) ham o‘rin olgan.
Tahlillarga ko‘ra, soliq qarzdorligi yuqori bo‘lgan korxonalar asosan sanoat va ishlab chiqarish salohiyati katta hududlarda jamlangan. Farg‘ona, Toshkent va Andijon viloyatlari qarzdorlik bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.
Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatida mazkur ko‘rsatkich 13,4 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida 22,4 mlrd so‘m va Jizzax viloyatida 30,4 mlrd so‘mni tashkil etib, nisbatan past darajada qolmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter