Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Soliqchilar ishlaganiga qarab mukofot oladi

Soliqchilar ishlaganiga qarab mukofot oladi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 26-iyun kuni «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlari faoliyati samaradorligini baholashning quyidagi asosiy mezonlari belgilandi:

— davlat soliq xizmati organlari ishining sifatini qoniqarli baholaydigan soliq to‘lovchilar, shuningdek, ularning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlarning soni;

— kameral nazorat natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning umumiy summasi;

— xronometraj va ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha aniqlangan davlat budjeti daromadlarini oshirish zaxiralari summasi va ularni undirish darajasi;

— pasportlari tuzilgan soliq to‘lovchilarning soni;

— hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar undirilishining to‘liqligi va soliq qarzdorligining pasayish darajasi;

— davlat soliq xizmati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda “shaxsiy kabinet”dan foydalanish darajasi;

— elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish va onlayn nazorat-kassa mashinalarini avtomatlashtirilgan monitoring qilish bo‘yicha dasturiy mahsulotlarni qo‘llayotgan soliq to‘lovchilarning qamrab olinishi.

Shuningdek, davlat soliq xizmati organlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobidan quyidagi summalarning 10 foiziga qadar miqdorda mukofotlanishi belgilandi:

— kameral nazorat natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar;

— bir oy mobaynida xronometraj va pasportlashtirish natijasi bo‘yicha aniqlangan, soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq;

— soliq tekshiruvlari natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar.

Maxsus jamg‘armaga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimalar summasidan ajratmalar miqdori 25 foizdan 40 foizga oshirilib, bunda qo‘shimcha tushadigan mablag‘lar xodimlarni shaxsiy mukofotlashga maqsadli yo‘naltiriladi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring