Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Superliga bahslari qoidasiz janglar maydoniga aylandimi? O‘FAning ayovsiz jazolari

Superliga bahslari qoidasiz janglar maydoniga aylandimi? O‘FAning ayovsiz jazolari

Foto: «championat.asia»

Kecha, 7-aprel kuni O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi yig‘ilishlarida Superliganing bir qator uchrashuvlaridagi bahsli vaziyatlar o‘rganib chiqildi va aybdor deb topilgan klublar, futbolchilar va hakamlar ayovsiz jazolandi. Keling, hammasini bir boshidan sanab o‘tamiz.

Ikrom Aliboyev – 4 o‘yinga diskvalifikatsiya va 10 million so‘m jarima, klublarga – 25 million so‘mdan jarima

31-mart kuni Superliganing 4-turi doirasida AGMK hamda «Lokomotiv» klublari o‘zaro to‘qnash kelgandi. Mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgan uchrashuvning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarida har ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi mazkur uchrashuvni o‘rganib chiqdi va «Lokomotiv» futbolchisi Ikrom Aliboyevni jamoasi ishtirokidagi 4 ta o‘yindan diskvalifikatsiya qildi. Tajovuzkor hatti-harakati uchun AGMK bilan o‘yinning 94-daqiqasida maydondan chetlatilgan Aliboyevga, shuningdek, 10 million so‘m jarima ham solindi.

Komissiya a’zolari mazkur holat uchun faqatgina Ikrom Aliboyevning o‘zi aybdor emas degan qarorga keldi. Boisi, janjalda har ikki klub vakillari ham ishtirok etgan. Shundan kelib chiqib, qo‘mita Tartib-intizom kodeksining 2-bob 5.36 bandiga asosan AGMK va «Lokomotiv» klublarini 25 million so‘mdan jarimaga tortdi.

«Buxoro» klubiga 300 million, futbolchi Shavkat Salomovga 10 million so‘m jarima

Superliganing 5-turidan o‘rin olgan «Buxoro» va «Paxtakor» klublari o‘rtasidagi uchrashuv inspektorining bildirgisiga asosan O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Buxoro» — «Paxtakor» o‘yini uchun stadionga tashrif buyurgan muxlislar avvaliga uchrashuvni boshqarib borayotgan hakamni, keyinroq esa «Paxtakor» futbol klubini haqoratli so‘zlar bilan ommaviy ravishda yerga urdi, deb yoziladi PFL inspektorining bildirgisida.

Mazkur holat musobaqalarni o‘tkazish reglamentining 4-bo‘lim 5.55-bandiga zid ekani qayd etilib, O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi Buxoro shahridagi mazkur o‘yin tafsilotlarini o‘rganib chiqdi va «Buxoro» klubini 300 million so‘m jarimaga tortishga qaror qildi.

Shuningdek, «Buxoro» — «Paxtakor» o‘yinining 36-daqiqasida mezbonlar vakili Shavkat Salomov bosh hakam Temur To‘xtasinovning qaroriga qarshilik ko‘rsatishga uringan. Bunda futbolchi og‘zaki qarshilik bilan cheklanmay, hakamning qo‘lini ham ushlab olgan. Shundan kelib chiqib, Shavkat Salomov reglamentning 5.6 bandiga asosan aybdor deb topilgan va 10 million so‘m jarimaga tortildi. Mazkur holatni o‘z vaqtida jazolamagan hakam Temur To‘xtasinov esa qo‘mita qaroriga ko‘ra, Superliganing 6 va 7-tur o‘yinlariga, shuningdek, O‘zbekiston Kubogining 1/16 final o‘yinlariga qo‘yilmaydi. Bu vaqt davomida u faqatgina Pro-Liga bellashuvlarini boshqarishi mumkin.

Kavalenko va uning yordamchisi Superliga o‘yinlaridan chetlatildi

Superliga 5-turidan o‘rin olgan «Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» uchrashuvidan keyin O‘FA Hakamlar qo‘mitasi o‘yinnni boshqarib borgan bosh hakam Valentin Kovalenkoning xatti-harakatlarini o‘rganib chiqishdi.

Xulosaga ko‘ra, «Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» uchrashuvi bosh hakami o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagani, natijada bir qator vaziyatlarda, jumladan, 17-daqiqada «Lokomotiv» a’zosi Marat Bikmayev gol kiritgan vaziyatda o‘yindan tashqari holatni aniqlashda va ikkinchi bo‘limda «Qo‘qon-1912» darvozasiga penalti belgilashda xatoga yo‘l qo‘ygani qayd etildi.

Valentin Kovalenko hamda unga yordam bergan Akbar Po‘latov qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygani uchun ma’lum muddat Superliga o‘yinlariga qo‘yilmaydi.

Nivaldo – 5 o‘yinga diskvalifikatsiya va 25 million so‘m jarima, Sardor Mirzayevga – 10 millionlik jarima

«Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» o‘yini yuzasidan O‘FA Tartib intizom qo‘mitasining yig‘ilishida uchrashuv komissarining bildirgisi, o‘yin qayd etilgan videoyozuv ko‘rib chiqilgan.

O‘yinda «Lokomotiv» futbolchilari Nivaldo hamda Sardor Mirzayevning hatti-harakatlari o‘rganib chiqildi va qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Nivaldoga nisbatan  Intizom kodeksining 5, 45 bandining “m” qismiga binoan  5 o‘yinga diskvalifikatsiya qilish hamda 25 million so‘m miqdorida jarima intizom chorasi qo‘llanildi. Sardor Mirzayevga nisbatan esa Intizom kodeksining 5.56 bandiga muvofiq 10 million so‘m miqdorida jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring