Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suvaysh kanalini to‘sib qo‘ygan kema jahonda neft narxlarini 5 foizga oshirib yubordi

Suvaysh kanalini to‘sib qo‘ygan kema jahonda neft narxlarini 5 foizga oshirib yubordi

Foto: BBC

Bir sutkadan oshdiki, Misrning Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib qolgan ulkan kemani qutqarish operatsiyasi ketmoqda. O‘nlab shatakchi kemalar jalb qilingan, biroq, hozircha urinishlar deyarli naf bergan emas — uzunligi 400 metrli, dunyodagi eng ulkan konteyner tashuvchilaridan sanalgan «Ever Given»ni dengizga chiqarib yuborish oson kechmayapti.

Oqibatda yuzlab yuk va yo‘lovchi kemalaridan iborat ulkan tiqin yuzaga keldi va u kattalashishda davom etmoqda. Bir necha soatlik «Suvaysh tiqini» jahonda neft narxi 5 foizga qimmatlashishiga olib keldi.

Sakkizta shatakchi kemaning 30 soatdan ortiq urinishi natijasi hozircha kanalga ko‘ndalang tushib qolgan «Ever Given»ni oqim bo‘ylab to‘g‘rilab, boshqa kemalar uchun sal yo‘l ochilishi bo‘ldi. Harakat qisman tiklandi, biroq bu eng serqatnov paytdagi tirbandlikni eslatadi.

«Ever Given» tom ma’noda dunyoning yarmini to‘xtatib qo‘ydi. O‘nlab neft tashuvchi kemalar kanalga kelib to‘xtab qolgan, bu tankerlarga 15 million barreldan ortik neft ortilgan.

Hodisaga kuchli shamol va kemadagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, shamol kemani o‘z yo‘nalishidan burib yuborgan, bu paytda uning elektr qurilmalari ham ishlamay qolgan. Oqibatda uning tumshuq qismi bir qirg‘oqqa urilgan, ort qismi ikkinchi qirg‘oqqa borib taqalgan.

Panama bayrog‘i ostida suzuvchi «Ever Given» yapon kompaniyasiga tegishli. Taqdir hazilini qarangki, 2017-yilda ham bir yapon kemasi Suvaysh kanalini to‘sib qo‘ygandi. Ammo o‘shanda harakat bir necha soatga to‘xtagandi, xolos.

Suvaysh kanali — dunyodagi eng ulkan suv magistrallaridan biri. Kuniga dunyodagi yuklarning 12 foizi shu yerdan olib o‘tiladi. Suvaysh orqali o‘tish kemalarga yo‘lni besh kungacha qisqartirish imkonini beradi. Osiyodan Yevropaga yo‘l olgan kema Afrikani aylanib o‘tsa, 6 ming kilometrdan ortiq yo‘l bosadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring