Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tahlil: Toshkentda uy-joyga investitsiya qilishda daromadlar ortdi

Tahlil: Toshkentda uy-joyga investitsiya qilishda daromadlar ortdi

Foto: Xabar.uz

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligi tahlil qilindi.

2026-yil mart oyida Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi 14,6% gacha yetdi. (2025-yil martda 6,2%). Bunda, ijaradan keladigan o‘rtacha daromad 8,7% dan 8,0% gacha kamaygan bo‘lsa, uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,6% ga qimmatlashdi.

Lekin, uy-joyga investitsiyalar daromadliligi ko‘chmas mulkning joylashgan hududi va xonalar soniga qarab bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi:

- 1 xonali: Mirobod – 50,0% (2025-yil mart – 1,0%), Bektemir – 19,3% (22,8%);

- 2 xonali: Yunusobod – 24,8% (0,5%), Yakkasaroy – 13,0% (16,5%);

- 3 xonali: Mirobod – 12,9% (9,5%), Chilonzor – 3,8% (8,7%);

- 4 xonali: Yakkasaroy – 18,5% (12,2%), Bektemir –14,1% (4,3%).

So‘nggi 1 yilda Toshkent shahri tumanlari kesimida uy-joy daromadliligining o‘rtachadan og‘ishi (standard deviation) 2,8% dan 5,5% gacha yetgan. Ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahri tumanlarida uy-joy narxlari keskin farqlanib borayotganligidan dalolat beradi. Xususan, 2026-yil mart oyida Toshkent shahri tumanlarida uy-joy narxlarining o‘rtachadan og‘ishi 2025-yildagi 2,8%dan 5,4%gacha yetgan. Shuningdek, ijara narxlarida bu farq sezilarli oshmagan (0,4%dan 0,6%ga).  

Uy-joylar narxi o‘zgarishidan olinadigan daromad

2025-yilning mart oyida Toshkent shahrida uy-joy xarid qilib, joriy yil mart oyida ushbu uyni sotishiga to‘g‘ri kelgan investorlar bir yil ichida uy-joylar bozor qiymatining oshishi tufayli uyning xarid narxidan o‘rtacha 6,6% daromad qilgan. Xususan, ushbu ko‘rsatkich Chilonzor tumanida 1,9%ni, Bektemir tumanida 0,8%ni, Yashnobod tumanida 3,1%ni tashkil qilgan bo‘lsa, Toshkent shahrining nisbatan qimmat uy-joylari joylashgan Mirobod tumanida 16,6%gacha, Yakkasaroy tumanida 12,4%gacha yetdi.

Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad 

Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida uy-joylar ijarasidan olinadigan o‘rtacha daromad 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 0,7%ga pasayib, 8,0%ni tashkil qildi. Mazkur davrda, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha daromadlilik Shayxontohurda 9,1% (2025-yil mart oyida 9,3%) va Yashnobodda 8,4% (8,8 %) qayd etildi.

Daromadlilik darajasi bo‘yicha investitsion jozibadorligi yuqoriroq bo‘lgan 1 va 2 xonali xonadonlar uchun daromadlilik darajasi mos ravishda 29,8% (2025-yil mart oyida 9,3%) va 17,4%ni (4,8%) tashkil qilgan bo‘lsa, 3 va 4 xonali xonadonlarda nisbatan pastligicha saqlanib qoldi. Xususan, 3 xonali xonadonlarning o‘rtacha daromadliligi 8,7%ni (6,2%) 4 xonali xonadonlarniki 2,4%ni (4,4%) tashkil qildi. 

Bank depozitlarining daromadlilik darajasi

2025-yil martidan 2026-yilning fevral oyigacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 4,9% atrofida tebranib turgan bo‘lsa, milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 21,2 %ni tashkil etgan. Ushbu raqamlar, bir tomondan, uy-joyning investitsiyaviy daromadliligi jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi muddatli depozitlaridan olinadigan o‘rtacha daromadliligidan yuqori bo‘lsa-da, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari jozibadorligi yuqoriligicha saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring