Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

«Tajovuzkorlik sindromi»: «OITS» va «Qora o‘lat»dan ham xavfli kasallik

«Tajovuzkorlik sindromi»: «OITS» va «Qora o‘lat»dan ham xavfli kasallik

Amerikalik yozuvchi Norman Pilning «maqtab o‘ldirgandan musht tushirib qo‘llagan yaxshi» degan fikri shu kunlarda tez-tez xayolimdan o‘tmoqda. So‘nggi paytlarda tanqid qilish me’yori keskin buzilib, ommaviy tosh otish, jerkish, nafratni ochiqchasiga namoyish qilish kabi ojiz xususiyatlarga aylandi. Odamlarning tanqid qilish uslubi ko‘proq tajovuzkorlik kayfiyatini eslatib yuboryapti. So‘z terayotgan barmoqning yoki tilning miyadan tez harakatlanishi hech qachon yaxshilik keltirmagan.  

O‘ylab ko‘rilsa, aslida befarqlik va jim turish eng xavfli tanqid. Shu bilan birga, tanqid ham ikki xil bo‘ladi: buzg‘unchi yoki bunyodkor. Fikr bildirish va munosabat qoldirish juda muhim. Biroq, noo‘rin otilgan tosh kimningdir mehnatini yo‘qqa chiqarishi, hafsala va iste’dodiga nuqta qo‘yishi mumkinligini, taqdiri bilan hisoblashishini ham o‘ylash kerak.

«Tajovuzkorlik sindromi» kim uchun xavfli?

Albatta, bu sindrom birinchi galda o‘zining sohibini nishonga oladi. Buzg‘unchi tanqidga odatlangan odamdan salbiy quvvat ajralib chiqa boshlaydi. 

Salbiy quvvat:

Kimdandir ajralib chiqqan salbiy quvvat o‘zi yo‘nalgan ob’yektga qanchalik ta’sir qilishini aytish qiyin. Biroq, salbiy quvvat o‘z egasining olamini payhon qilishi – bor gap.

Beayb – Parvardigor! Agar siz kimningdir xatosiga guvoh bo‘lsangiz, muloyimlik bilan shaxsiy qarashingizni ifodalang. Xatolar – donolik va yuksalish vositasi. Kimdir xato qilyaptimi, demak u o‘smoqda! Bu vaziyatda uni tajovuzkorlik bilan qarshi olish – chirmoviqning rolini o‘ynash bilan barobar!

Shunday ekan, xatoni ko‘rsangiz, ularga zararli quvvatni yo‘naltirmang. Ilmiy izlanishlarning natijalariga ko‘ra, kuchli odamlar o‘zlariga qaratilgan buzg‘unchi tanqidni ham o‘sishlari uchun zarur quvvatga aylantirish qobiliyatiga ega ekanlar.

«Psixologiya 101»:

Taniqli ruhshunos Pol Kleynmanning mana shu nomdagi kitobini o‘qiganlar yaxshi bilishadi: ommaning oldida boshqalarga nisbatan haqoratli so‘z ishlatgan odam aslida kim to‘g‘risida so‘zlayotgani uning atrofidagilarga ma’lum – o‘zi haqida!

Ya’ni, boshqalarni ochiqcha va asossiz haqorat qilish aslida himoyalanish mexanizmi. Tajovuzkor odamlarning fe’l-atvori – ularning hislari va qo‘rquvlarining mevasi.

Ruhshunoslarning tasdiqlashlaricha, birovni ochiqchasiga yomonotliq qilishga urinish va mehnatini yo‘qqa chiqarish odati ko‘proq e’tiborga muhtoj, omadsiz va hayotda muvozanatni yo‘qotgan odamlarga xos. Bunday odamlar ichidagi «xudbin qiyofa» («ego») ga qul bo‘lishadi. Bu qiyofa esa faqat o‘zini tan oladi, hatto o‘zi joylashib olgan tana bilan ham hisoblashib o‘tirmaydi. Shu sababli, «ego» haddan ziyod kuchayib ketsa, odam o‘z-o‘zidan nafratlana boshlaydi va unda bora-bora o‘z joniga ham qasd qilish kayfiyati kuchayadi.

Muammoning yechimi:

Bir o‘ylab ko‘ring, siz yaxshi quvvat yordamida insonlar hayotini o‘zgartirishga urinyapsizmi yoki salbiy quvvat bilan insonlarda kimgadir yoki nimagadir nisbatan nafrat uyg‘otib, tartibsizlik yoki urush xavfini oshiryapsizmi? Ya’ni, sizning birgina noo‘rin so‘zlaringiz, munosabatingiz jamiyatdagi muvozanatni izdan chiqaradi, «xudbinlik qiyofasidagilar»ning ko‘payishiga xizmat qiladi.

Nafrat nafratni chaqiradi. Tajovuzkorlik yovuz kuchni uyg‘otadi va zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi. Va, bir o‘ylab ko‘ring, bugun dunyoni domiga tortib borayotgan jabr-zulmning ham bosh sababi shu emasmi? Urushlarning, kelishmovchilik va yovuzliklarning yechimi tajovuzkorlik emas. Faqat yaxshi so‘z va samimiylik bizni yorug‘likka olib boradi.

Tanqid qilishning qoidasi qanday?

Kimningdir mehnati, hislari va harakatini hurmat qilgan holda unga haqiqatni yetkazish u qadar ham qiyin ish emas.

1-qoida: Tanqidning o‘z o‘rni bor!

Kimnidir ommaning oldida izza qilish va tanqid toshlarini otish – beadablikning eng yuksak ko‘rinishi. Bugungi ayrim internet foydalanuvchilari esa bu qoidani unutib qo‘ydilar.

2-qoida: Hadeb tanqid qilmang!

Agar siz odamlarni hadeb tanqid qilaversangiz, ular oxir-oqibat sizga e’tiborsiz bo‘ladilar yoki voz kechib qo‘ya qoladilar.

Tanqid qilishdan avval yaxshi jihatlarini e’tirof eting. So‘ng zarur tavsiyalarni bildiring.

3-qoida: Tilingizdagini avval miyada mushohada qiling.

His-hayajonga berilmang va tanqidga olinayotgan mavzudagi bilimlaringizni ishga solib, mushohada qiling. Tanqid qilishdan avval xotirjam va yetarli ma’lumotga ega ekaningizga ishonch hosil qiling.

4-qoida: Odamlarni emas, vaziyatni nishonga oling!

Tanqidning tajovuzkorlikka aylanishi ko‘pincha qaysidir odamga nisbatan nafratimizning mevasi bo‘lishi mumkin. Tanqid qilishdan avval vaziyatni tushunishga urining. So‘zlashdan oldin tinglashni bilish odamga keraksiz so‘zlarni aytishdan tiyilishiga xizmat qiladi.

Xulosa.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda «ebola», «qora o‘lim», «OITS» kabi xastaliklar jahonning eng xavfli kasalliklari hisobalanadi va har yili millionlab insonlarning yostig‘ini quritmoqda. Biroq, bugun sayyoramiz bo‘ylab bulardan ham xavfli virus tarqalmoqda – nafrat! Uning maqsadi urushlarni avj oldirish va Yerdagi tirik jonlarni qirib tashlash.

Har bir yaxshi va ijobiy fazilatli inson, u qayerda va qandayligidan qat’inazar, sayyoramizning farovonligi uchun xizmat qiladi. Insoniyat aslida bir butun, har birimiz bu yaxlitlikning bir bo‘lagimiz. Birimizga ta’sir qilayotgan xavf kun kelib boshqamizga ham dard keltiradi. Bizning hayotdagi burchimiz mehr-muhabbat va insoniylik rishtalari yordamida o‘zaro uyg‘unlashuv bilan hamohangdir. 

Biz barchamiz turlichamiz: barmoq izimizdan tokim, fikrimiz va harakatimizgacha farqlanamiz. Va, bir-birimizga doim ham yoqavermaymiz. Biroq, imkon bor ekan, vaqtni tilni o‘qlab emas, idrokni boyitib yashashga chog‘lanaylik. Xato qilganlarga ko‘maklashib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating va ularni qo‘llab yuboring. Yaxshi quvvatning ham, yomon quvvatning manbasi bir: siz urib turgan yurakdan muhabbatga joy bering, ishlab turgan miyada ezgulik yo‘lida mushohada qiling.

«Sen ummondagi tomchi emassan. Sen – tomchi ko‘rinishidagi ummonsan», deydi Mavlono Rumiy. Ya’ni, o‘zingizni 7 milliardlik sayyoraning ahamiyatsiz, hech kim eshitmaydigan bir bo‘lagi deb emas, so‘zi, amali va harakati bilan insoniyat hayotini o‘zgartirishga qodir quvvat deb biling. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring