Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv amal qiladi – Xurshed Karimzoda
Tojikiston o‘tgan yili xorijdan olib kiriladigan keramik plitkalar uchun boj to‘lovlarini oshirdi. Biroq bu chora O‘zbekiston mahsulotlariga taalluqli emas, chunki ikki davlat o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv amal qiladi.
Bu haqda 12-fevral kuni matbuot anjumanida Tojikiston Bojxona xizmati rahbari Xurshed Karimzoda ma’lum qildi.
Avvalroq o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga Tojikiston tomonidan savdo to‘siqlari kuchaygani haqida shikoyat qilingan va unda 2025 yil 1 dekabrdan import keramik plitkasi uchun har tonnasiga 450 dollarlik qo‘shimcha to‘lov joriy etilgani, bojxona qiymati esa 300 dollar deb belgilangani aytilgan edi. Xo‘jayev, o‘z navbatida, agar qo‘shni davlat ushbu savdo cheklovlarini olib tashlamasa, O‘zbekiston ham javob choralarini qo‘llashga majbur bo‘lishini bildirgan.
Karimzodaning aytishicha, ommaviy axborot vositalarida masala biroz bo‘rttirib ko‘rsatilgan.
«Sezilarli muammolar yo‘q. Ba’zan axborot shunday beriladiki, go‘yo jiddiy qiyinchiliklar bordek tuyuladi. Aslida katta muammo mavjud emas», – deydi u.
Bojxona rahbarining ta’kidlashicha, ko‘p hollarda muammo yetkazib beruvchilar tomonidan hujjatlarning taqdim etilmasligi to‘liq bilan bog‘liq. Agar hujjatlar yetarli bo‘lmasa yoki tovar qiymatiga shubha tug‘ilsa, bojxona xizmati mamlakat ichki bozor narxlariga asoslanib hisob-kitob qiladi.
Karimzodaga ko‘ra, ayrim o‘zbekistonlik yetkazib beruvchilar deklaratsiyada bozor narxidan pastroq qiymat ko‘rsatgan. Bozor tahlili esa amaldagi narxlar ancha yuqori ekanini ko‘rsatgan.
Karimzodaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bilan amal qilayotgan erkin savdo kelishuviga ko‘ra, keramik plitka boj qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatiga kirmaydi. Uning aytishicha, 37 turdagi tovarlar erkin savdo rejimidan chiqarilgan, ammo keramik plitka ular qatorida emas.
Shuning uchun O‘zbekistondan kelayotgan mahsulotlar, asosan, bitim narxi bo‘yicha rasmiylashtirilmoqda.
Bojxona rahbari o‘tgan yili Tojikistonda keramik plitka ishlab chiqaruvchi yangi zavod ishga tushirilganini ma’lum qildi. Shu sababli hukumat importga bojlarni oshirish orqali ichki bozorni himoya qilishga qaror qilgan.
U sement misolini ham keltirdi: 2021-yilda O‘zbekistondan import qilinadigan sement uchun tonnasiga 300 dollarlik qiymat belgilangan. 2025-yilda esa O‘zbekiston ham o‘z ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida import sementga boj joriy etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter