Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent shahar hokimligiga bormang, jarima to‘laysiz

Toshkent shahar hokimligiga bormang, jarima to‘laysiz

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Keyingi paytlarda poytaxtimizda mashinalar tobora ko‘payib borayotgani va buning oqibatida yuzaga kelayotgan noqulayliklar haqida OAVda ko‘p yozilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent ko‘chalarida bir kunda 500 mingga yaqin mashina harakat qiladi.

Dunyoning megapolis shaharlarida bo‘lgani kabi bosh kentimizda tirbandlik muammosi paydo bo‘lganiga ko‘nikib ham qoldik. Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bunga haydovchilarning o‘zlari ham sababchi bo‘layotgani, ya’ni mashinalarini to‘g‘ri kelgan joyga qo‘yib ketayotgani sabab «probka» paydo bo‘layotganini bot-bot eslatib turibdi. Haydovchilar ham bo‘sh kelayotgani yo‘q. Avtomobil to‘xtash joylari yo‘qligini va yo‘l bo‘ylariga esa «to‘xtash mumkin emas» belgisi  haddan ortiq ko‘p qo‘yilganini aytib, kamaytirishni talab qilmoqda. Shuning uchunmi, yaqinda ba’zi joylardan bu belgi olib ham tashlandi yoki boshqasiga almashtirildi. Lekin bu belgilar Alisher Navoiy, Islom Karimov, Amir Temur nomidagi markaziy ko‘chalarimiz, istirohat bog‘lari, Chorsu, Farhod va Qo‘yliq kabi yirik bozorlarimiz atrofida hamon «o‘lja»sini kutib turibdi. Xullas, bundan baribir ming chirangan haydovchilarning o‘zlari aziyat chekmoqda. «GAI»larning esa plani to‘lmoqda.

Bugun siyqasi chiqqan bu mavzuga to‘xtalmoqchi emasmiz. Shu bilan bog‘liq boshqa bir muammoning «yuz»ini ochmoqchimiz.

Davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar oldida imkoniyatdan kelib chiqib, turargohlar hozirlanayotgani yaxshi. Ammo bunday «stoyanka»larga faqat ushbu muassasaga tegishli bo‘lgan xizmat mashinalari kirishi mumkinligi muammoli.

— Davlat tashkilotida haydovchi bo‘lib ishlayman, — deydi o‘zini Botir deb tanishtirgan bir haydovchi. — Xizmat yuzasidan deyarli har kuni ikki-uch marotaba Toshkent shahar hokimligiga  kelaman va har safar mashinani qayerga qo‘yaman, degan boshog‘riqqa duch kelaman. Bu yerda avtoturargoh bor, ammo undan faqat hokimlik xizmat mashinalari foydalanishi mumkin, xolos. Tanish bo‘lib qolgan «stoyanka»da turgan yigitlarga «Men ham davlat tashkilotining haydovchisiman, mashinam shaxsiy emas, birpasga qo‘yib turay» degan gapni har kelganimda hech tushuntirolmayman. Ular robotdek «yo‘q, mumkin emas» degan gapni takrorlashdan boshqasini bilishmaydi. Bir safar mashinani «e-e, nima bo‘lsa bo‘lar» deb, qator «to‘xtash mumkin emas» belgisi o‘rnatilgan katta ko‘chada qoldirdim. Xat tashlagani hokimiyatga kirib chiqsam, mashinam oldida «GAI» turibdi. Peshonamdan ter chiqib ketdi. Axir 800 ming so‘m oylik olaman, 600 ming so‘m jarima to‘lasam, uyim kuyadi-ku! Shu kuni «men ham xizmatdaman, birrovga hokimiyatga xat tashlagani kirib chiqdim» deya qo‘limdagi qog‘ozni ko‘rsatib, yo‘l inspektoriga rosa yalindim. Inspektorning insoflisiga yo‘liqqan ekanman, qo‘yib yubordi. Chunki, ular «qarmoqqa ilingan o‘lja»sini osonlikcha qo‘yib yubormasdi-da. Taklifim davlat idoralari xizmat mashinalarni turargohlarga kiritishi kerak. To‘la bo‘lsa, boshqa gap, aksari doim bo‘sh turadi.

Haqiqatan ham rasmiy idoralarning avtoturargohlariga faqat shu tashkilotga tegishli bo‘lgan xizmat mashinalarning kirishiga ruxsat berilgan. Hatto ayrimlariga bunday huquqqa ega bo‘lgan mashinalarning raqamlari ham yozib qo‘yilgan. Ammo kuzatishlarim jarayonida bunday «stoyanka»larda shaxsiy mashinalarning ham turganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Xo‘sh, bunday turargohlardan faqat xizmat doirasida foydalanishi mumkin bo‘lsa, shaxsiy mashinalar qayerdan paydo bo‘lyapti? Taqiq barcha uchun barobar emasmi?

Yaqinda buning ham tagiga yetdik. Siz «stoyanshik»lar bilan kelisholsangiz, hatto shaxsiy  mashinalarning kirishi butkul taqiqlangan avtoturagohdan mashinangiz uchun maxsus joy ham ajratib qo‘yiladi. Buning uchun qorovul yigitlarni har kuni yoki oyda bir «rozi» qilib tursangiz bo‘lgani. Ishonmasangiz, Toshkent shahar hokimligi, Respublika tez yordam tibbiyot birlashmasi, umuman, shunday maskanga ega bo‘lgan barcha idora va tashkilotlar turargohi ish jarayonini zimdan kuzating.

Bu gaplarni o‘qib, ko‘pchilik «e-e, olsa olibdi-da, o‘zlari rozi bo‘lib beryapti-ku» deya qo‘l siltashi mumkin. To‘g‘ri, o‘zimiz rozi bo‘lib beryapmiz. Ammo «rozi» qilamiz deb halol ishlayotgan shifokorni qo‘limizga qaraydigan qilib qo‘ydik, «rozi» qilaverganimizdan «nalogchi» ukamiz bir «narsa» bermasak ishimizni ortga surish kasaliga duchor bo‘ldi. Domlamizga «yaxshi» gapirmasak, imtihondan qolib ketishimiz mumkin. Agar propiska qilinmagan joyimda tinch yashashni istasam «uchastkavoy»ning ham ko‘nglini «olishim» kerak. Xullas, hamma narsa «rozi-rizochilik» bilan bo‘lishi zarur degan aqidaga shunchalik o‘rganib qoldikki, bugun o‘zimizni o‘zimiz ham rozi qilmasak ko‘nglimiz joyga tushmay qoldi.

Bu illatdan qachon qutulamiz, bilmadim. Agar bilsangiz ayting, buning uchun albatta sizni ham «rozi» qilaman.   

Ravshan Mahmudov,
O‘zMTDP Toshkent shahar kengashi matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring