Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda AQShning Vebster universiteti magistraturasiga qabul boshlandi

Toshkentda AQShning Vebster universiteti magistraturasiga qabul boshlandi

Foto: «Tuit.uz»

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda faoliyat boshlagan AQShning Vebster universiteti «Master of Business Administration» (MBA: Biznes boshqaruvi magistratura yo‘nalishi) o‘quv dasturi asosida loyihalarni boshqarish yo‘nalishiga talabalarni qabul qilishni boshladi. Bu haqda universitet saytida xabar berildi.

O‘quv dasturi davomiyligi 18 oy, 3 semestrligi ma’lum qilingan.

Ta’lim TATUda, Vebster universiteti professorlari va mahalliy professor-o‘qituvchilar tomonidan (ingliz tilida), universitetlar o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan olib boriladi.

Vebster universitetining MBA dasturi «AQShning biznes-maktablar va dasturlar akkreditatsiya kengashi»ning akkreditatsiyasidan o‘tgan bo‘lib, uning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ham maqullangan. Ta’limni muvaffaqqiyatli tamomlagan talabalar «Loyihalarni boshqarish» yo‘nalishida Vebster universitetining MBA magistri diplomini qo‘lga kiritadilar.

Xabar berilishicha, o‘quv to‘lov-kontrakti qiymati bir semestr uchun — 3000 AQSh dollari, umumiy to‘lov esa — 9000 AQSh dollari. To‘lov O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi — so‘mda amalga oshiriladi (AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati Markaziy bank tomonidan to‘lov amalga oshirilgan kunda belgilangan kursda hisoblanadi). Darsliklar va ta’lim jarayoni uchun zarur o‘quv materiallari uchun to‘lovlar qo‘shimcha tarzda amalga oshiriladi.

O‘qish 2019-yilning martidan boshlanadi. Talabalar o‘qish davrida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlarda amaliyot o‘taydilar.

Toshkentdagi Vebster universiteti magistraturasida ta’lim ingliz tilida olib boriladi — IELTS bo‘yicha talab 6.0 va undan yuqori.

Ta’lim olish xohishini bildirganlar bakalavr bosqichini tamomlagan bo‘lishlari hamda iqtisodiyot, biznes va menejment bo‘yicha bazaviy bilimlarga ega bo‘lishlari talab etiladi.

Xabar berilishicha, arizalarni 2019-yilning 20-fevraligacha topshirish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring