Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda vaksinalar saqlanadigan yirik ombor foydalanishga topshirildi

Toshkentda vaksinalar saqlanadigan yirik ombor foydalanishga topshirildi

Bugun, 20 noyabr kuni poytaxtimizda vaksinalarni sifatli saqlovchi yirik sovutgich ombori ishga tushirildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Inshootning ochilish marosimida YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutasaddilari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Tadbirda onalar va bolalar salomatligi va kasalliklarning oldini olish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, bunday miqyosdagi sovuqlik omborining ochilishi sohada boshlangan sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishi alohida ta’kidlandi.

Qolaversa, mazkur ombor mamlakatimizda milliy emlash dasturi uchun logistika markaziga aylanib, vaksinalarni yetkazib berish va ularni boshqarish bo‘yicha imkoniyatlarni yanada kengaytirishi hamda yurtimizda ishonchli emlash tizimini yaratishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, respublika vaksinalar ombori katta miqdordagi turli vaksinalarni saqlashga mo‘ljallangan muhim inshoot bo‘lib, deyarli 1000 m2dan iborat uchta sovuqlik kamerasi (2-8 ° C), ultrasovuq sovutgichlar (3000 l hajmli) va muzlatgich xonalar (40 m3) bilan jihozlangan. Shu bilan birga, inshoot immunizatsiya uchun zarur materiallar saqlanadigan 1000 m2 quruq omborga ham ega.

Omborxonada yuklarni tez va samarali boshqarish uchun elektr yuk ko‘targichlar, dok naveslari, tekislash platformalari va ko‘tarish mexanizmlari mavjud. Ular ikkita elektr tarmog‘iga ulangan bo‘lib, uzluksiz elektr ta’minoti uchun kuchli zahira dizel generatoriga ega.

— Yaxshi ishlaydigan ta’minot tizimi va sovuqlik zanjiriga ega bo‘lish samarali milliy immunizatsiya dasturi uchun juda muhim, — deydi YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan. — YuNISEF O‘zbekistonning butun milliy ta’minot tizimi va sovuqlik zanjiri uzluksiz ishlashiga hissa qo‘shadigan hamda mintaqadagi boshqa mamlakatlarga namuna bo‘la oladigan ushbu ob’yekt qurilishida ishtirok etganidan mamnun.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev ishtirok etdi.

Ma’lum qilinishicha, YuNISEF 2017 yildan yurtimiz bo‘ylab jami 21 ta vaksina ombori qurilishida amaliy yordam berib, xususan, sovutgichli yuk mashinalari, vaksinalar uchun konteynerlar va sovuqlik kameralarini yetkazib berdi.

Shu bilan birga, xodimlarni o‘qitish hamda ob’yektlar ekspluatatsiyasi bo‘yicha zarur qo‘llanma va ko‘rsatmalarni ishlab chiqishda ham yaqindan ko‘maklashmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring