Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdan davlat uyini sotib olish uchun kamida 10 yillik propiska talab etilishi mumkin

Toshkentdan davlat uyini sotib olish uchun kamida 10 yillik propiska talab etilishi mumkin

Foto:«Xabar.uz»

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevning qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi.

Qaror bilan Toshkent shahrida 2017-2021-yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, «bu yerda gap Sergelida qurilayotgan, xalq tilida «arzon» deb ataladigan va davlat tomonidan qurilgan (xususiy emas) turar joylar haqida ketmoqda».

Nizomga ko‘ra, Toshkent shahrida 2017-2021-yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylardagi turar joylarni sotib olish huquqiga ega talabgorlar toifasidan biri sifatida Toshkent shahrida 10 yildan kam bo‘lmagan davrda doimiy ro‘yxatda (propiskada) turgan budjet tashkilotlaridagi Davlat xizmatchilari va ishchilari ko‘rsatilgan.

Shuningdek, talabgorlar safiga yosh oilalar, eskirgan uy-joylarda istiqomat qiluvchilar va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolar ham kiritilgan.

Muhokamalarda «Nima uchun 10 yil propiskada bo‘lishi kerak, bu muddatni hokimiyatdagilar qayerdan olishdi?» deya savol berishmoqda.

Masalan, quyidagi izohga eng ko‘p ovoz berilgan:

«Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan xodim 3 yildan keyin nomiga turar joy rasmiylashtirishi mumkin. Toshkent shahrida 2017-2021-yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylardan olish uchun yana 7 yil uysiz yurishi kerakmi, topgan pulini kvartiraga sarflab? Shu «10 yil» so‘zini yozgan odam 1 yil uysiz yashab ko‘rganida bu so‘zni yozmagan bo‘lardi».

Loyiha muhokamasi ertaga yakunlanadi. 

Avvalroq, propiskani qat’iylashtirish haqidagi qaror loyihasi muhokamalar portalidan o‘chirilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring