Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura: Tanasidan 16 ta igna topilgan go‘dak ishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura: Tanasidan 16 ta igna topilgan go‘dak ishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: «Zamonaviy.com»

Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Rahimovaning O‘zAga ma’lum qilishicha, 2018-yil 18-yanvar kuni Farg‘ona viloyati Toshloq tumani ichki ishlar bo‘limiga ichki a’zolarida ko‘plab ignalar aniqlangan bola haqida xabar tushgan. Ma’lum bo‘lishicha, bola 2017-yil 11-fevralda tavvallud topgan Azizbek Abdumajidov bo‘lib, uning oilasi tumanning «Nayman» mahalla fuqarolar yig‘inining Istiqlol ko‘chasida istiqomat qilgan.

Xabarda mazkur holat yuzasidan Toshloq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgani aytiladi. Aniqlanishicha, A.Abdumajidov sog‘ligi yomonlashgani sababli 2018-yil 13-yanvarda onasi Sh.Boltaboyeva tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Shu kuni birlashma tomonidan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazi Farg‘ona viloyat filialiga yuborilgan. Tibbiy tekshiruvlar davomida uning ichki a’zolarida ko‘plab ignalar aniqlangan. Shu sababli bola 2018-yil 15-yanvarda davolanishni davom ettirish uchun Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markaziga olib kelingan.

Mazkur ilmiy markazning jarrohlik bo‘limida 17-yanvar kuni o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasi davomida A.Abdumajidovning qorin bo‘shlig‘i va bo‘yin sohasidan jami 12 dona po‘lat igna va sim bo‘lagi chiqarib olingan. Hayot uchun xavfli bo‘lmagan joyda joylashgan yana 3 dona ignani olish navbatdagi jarrohlik amaliyotiga qoldirilgan.

Gulnoza Rahimovaning aytishicha, sodir bo‘lgan ushbu hodisa bo‘yicha haqiqatni aniqlash hamda qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlash maqsadida 2018-yil 24-yanvarda Toshloq tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. A.Abdumajidovning tanasiga ignalarning tushishi sabablarini aniqlash maqsadida qator ekspertizalar tayinlangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring