Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘ydagi tomosha: Buxoroda kortej mashinalari jarima maydonchasiga tushdi

To‘ydagi tomosha: Buxoroda kortej mashinalari jarima maydonchasiga tushdi

Videodan kadr.

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqamini yechib qo‘ygan holatda yo‘lda guruh bo‘lib harakatlangan to‘y korteji keng jamoatchilikning e’tirozi va muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan. Buxoro viloyat IIB JXX YHXB axborot guruhi katta inspektori Umidjon Barakayevning «Xabar.uz» ga ma’lum qilishicha, mazkur harakat yo‘l harakati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan tartib asosida qoidabuzarlarning avtomashinalari jarima maydoniga joylashtirilgan. Ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida o‘nga yaqin fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan avtomashinalarda guruh bo‘lib harakatlanib, qoidabuzarlik sodir etgan holda to‘y kortejini uyushtirishgan. Qishloq ko‘chalari bo‘ylab, shovqin-suron solib, baland musiqa ohangida, ustiga-ustak, davlat raqamiga yechib tashlagan holda odamlarning noroziligiga qaramay, to‘xtovsiz harakatlanishgan. Bundan tashqari, qonunga zid ravishda mashina saloni tepa qism oynasi (luk)dan turib, to‘y kortejini videotasvirga olishgan hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishgan.

Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarning har birining shaxsiga aniqlik kiritilgan va ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.

«Do‘stimizning to‘yida qonun ta’qiqlariga qaramay, o‘z mashinalarimiz davlat raqamini yechgan holda kortej uyushtirdik. Qilgan ishimizdan pushaymonmiz»,-deyishdi haydovchilar.

Kortejda ishtirok etgan barcha transport vositalari vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

«So‘nggi paytlarda to‘ylardagi to‘y kortejlari alohida muammoga aylanmoqda. Yigirma-o‘ttizta mashina, motorlarni baqirtirib, shahar va qishloq ko‘chalarida qattiq signal, tovush balandlatgichlar, hatto, mashinaning yuqori qismida tik turgan odamlar - bular, nafaqat, qonunbuzarlik sodir etishmoqda, balki, atrofdagi boshqa insonlarga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishmoqda. Bunday «bayramona» shovqin jamiyat madaniyatini izdan chiqarishi, shubxasiz. Bunday muammolarga birgalikda kurashishimiz kerak»,-deydi axborot guruhi katta inspektori.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring