Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Transport to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi mumkin

«Transport to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi mumkin

Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti yangi tahrirdagi «Transport to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan 224 ta yaxlit normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 8 ta Qonun, 42 ta Prezident hujjatlari (6 tasi Farmon, 36 tasi qaror), 132 ta Hukumat hujjatlari, 42 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.

Mazkur hujjat esa «O‘zbekiston – 2030» Strategiyasi 80-pozitsiyasida belgilanganidek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish maqsadida e’lon qilinmoqda.

Shu bilan birga, transport sohasidagi qonunchilik hujjatlari tahlil qilinganda, ushbu sohani tartibga solish bilan bog‘liq bir qancha muammolar mavjudligi aniqlangan.

Yangi tahrirdagi «Transport to‘g‘risida»gi qonun loyihasida 4 ta Qonun, jumladan «Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi, «Avtomobil transporti to‘g‘risida»gi hamda «Transport to‘g‘risida»gi qonunlarni yagona qonunga birlashtirish (unifikatsiya) nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, yuqorida nazarda tutilgan qonunlardagi fuqarolik munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni Fuqarolik kodeksiga o‘tkazish orqali, birlashtirilgan qonun loyihasida faqat ma’muriy munosabatlarni belgilash hamda amalda qonun darajasida belgilanmagan ijtimoiy munosabatlarni qonun darajasida belgilash rejalashtirilyapti.

Bundan tashqari, hujjat loyihasida qonunosti hujjatlar bilan belgilangan, biroq qonun darajasida tartibga solinishi lozim bo‘lgan normalarni qonun darajasida belgilash va 15 ta qonun hujjatini (5 ta – to‘liq, 10 ta – qisman) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish kabi normalar aks etadi.

Yangi tahrirdagi «Transport to‘g‘risida»gi qonun loyihasi 11 ta bob
(2 taga ko‘paygan), moddalar soni esa 64 tani (19 taga ko‘paygan) tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, yangi tahrirdagi qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida ushbu sohani bevosita tartibga soluvchi qonunlar miqdori 37 foizga (8 tadan 5 taga) kamayadi.

Loyihada qonun qabul qilinishi munosabati bilan uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlarini qabul qilish nazarda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring