Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turk qahvasi: Yevropa Ittifoqida Turkiyaning ilk “an’anaviy mahsulot nomi” sifatida ro‘yxatga olindi

Turk qahvasi: Yevropa Ittifoqida Turkiyaning ilk “an’anaviy mahsulot nomi” sifatida ro‘yxatga olindi

Turk qahvasi — xushbo‘y hidi va betakror ta’mi bilan Turkiyaning eng qadrli madaniy an’analaridan biridir. Uning o‘ziga xos tayyorlanish usuli, shuningdek, ijtimoiy va tarixiy ahamiyati Turkiyaga tashrif buyurgan har bir kishi uchun unutilmas tajribaga aylanadi.

2013 yil 5 dekabrda turk qahvasi YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Shu kundan boshlab bu sana rasmiy ravishda “Butunjahon turk qahvasi kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda. Shu bilan birga, joriy yilda Yevropa Ittifoqida Turkiyaning ilk “an’anaviy mahsulot nomi” sifatida rasman ro‘yxatga olinishi turk qahvasining madaniy va tarixiy ahamiyatini global miqyosda yana bir bor mustahkamladi.

Bir finjon qahvaning qirq yillik xotirasi bor

Turk qahvasi 500 yildan ortiq tarixga ega. XIV asrda Yamandan Usmonli hududlariga kirib kelgan bu yoqimli ichimlik qisqa vaqt ichida xalqning qalbini zabt etdi va dildan suhbat qiladigan ilk qahvaxonalar ochilishiga sabab bo‘ldi. Ko‘p vaqt o‘tmay, har bir xonadonga kirib borgan turk qahvasi qadrli turk an’anasiga aylandi. Uning tobora ommalashib borayotganini ko‘rgan savdogarlar chegaralar orqali qahva donalari bilan savdo qila boshladilar. Yevropaga qadar yetib borgan turk qahvasi mintaqaning qahva madaniyati uchun zamin yaratdi.

Avvallari ovqatdan keyin tortilgan qahva vaqt o‘tib fotiha to‘ylari, bayramlar va diniy tantanalarda ham o‘z o‘rnini topdi. “Bir finjon qahvaning qirq yillik xotirasi bor” degan naql bejizga aytilmagan. Chunki o‘zining boy ta’midan tashqari, turk qahvasi uzoq yildan beri do‘stlar va oilalar o‘rtasidagi samimiy suhbat ramzi bo‘lib kelgan.

Noyob ta’mning siri

Turk qahvasi o‘ziga xos tayyorlanish usullari bilan boshqa qahvalardan ajralib turadi. Hozirgacha qo‘llanilayotgan eng qadimgi qahva tayyorlash usuli Turkiyaning barqaror oshpazlik merosini ifodalaydi. Mayda maydalangan qahva donalari “jezve” deb atalgan maxsus idishda tayyorlanadi va ko‘p ko‘pik hosil bo‘lgunga qadar past olovda qaynatiladi.

Turkiyada sizdan: “Qanday qahva xohlaysiz?” – deb so‘rashlari mumkin. Ta’bga qarab oddiy, biroz shakarli yoki o‘rtacha yoxud shirin qahva turlaridan birini sinab ko‘rishingiz mumkin.

Zamonaviy hayotimizda qog‘oz stakanlarda beriladigan qahvalardan farqli o‘laroq, turk qahvasi an’anaviy ravishda mayda chinni stakanlarda bir stakan suv va bir bo‘lak turk lokumi bilan birga taqdim qilinadi.

Turkiyaning turli hududlariga sayohat qilganingizda, turk qahvasining turli talqinlari bilan tanishishingiz mumkin. Masalan, Egey qirg‘oqlarida mintaqaning mashhur mastik daraxtlaridan olinadigan mastik saqichi bilan ta’mlangan mahalliy qahvaning nozik lazzatidan bahramand bo‘lish mumkin. Gaziantepda esa, meneng‘ich daraxti urug‘laridan tayyorlangan va Yevropa Ittifoqi tomonidan geografik belgi sifatida himoyalangan meneng‘ich qahvasini hamda Shonliurfa va Mardinda kuchli va quyuq damlangan qahvani albatta tatib ko‘ring, shubhasiz ta’mi sizga manzur bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring