Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Umrning har fasli inoyatdir... (video)

O‘zbek  dublyaj san’atining ulug‘ tarixi va o‘tgan ustozlarga ehtirom ila... 

O‘zbek dublyaj san’atining qo‘ng‘iroq ovoz sohibasi, biz sog‘ingan  aktrisa SVETLANA TAGIROVA bilan uzoq kutilgan diydor. 

  • Yangi etik olibsizmi, Vera?!...
  • Olganimcha yo‘q hali, Lyudmila Prokofyevna! Sizga yoqdimi?
  • Juda ko‘zga tashlanar ekan!
  • Rostanmi?
  • Men bunaqasini olmasdim.
  • Etik yaxshi ekan, demak, olishim kerak!

Aynan poyabzal, ayolni ayol qiladi!

Hozir qo‘nji g‘ijim, poshnasi juda baland etik modada!

A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat teatr va rassomlik institutining (1957-1961-yillar) Toshxo‘ja Xo‘jayev badiiy rahbarligidagi kurs bitiruvchilari – To‘g‘on Rejametov, Shirin Azizova, Tolib Karimov, Arsen Ismoilov, Dilbar Hasanova, Roziya Usmonova, Svetlana Tagirovalar diplom spektakli ijrosidan so‘ng.

Foto: Arsen Ismoilov va Dilbar Ismoilovalar oilasi arxividan.

“Ishdagi ishq” filmidagi “Statistika boshqarmasi” rahbari  Lyudmila Prokofyevna va uning olifta, hayotsevar kotibasi Vera dialogi o‘zbek dublyaj ustalari – Mukambar Rahimova va Svetlana Tagirovalarning mohirona ijrosida hanuzgacha ayollarning sevimli iborasi.

O‘zbek dublyaj san’atining dovrug‘i ketgan yillari haqida so‘z borganda, uning har bir ustasi alohida dunyo.

Svetlana Tagirova nomi tomoshabinga “Ishdagi ishq” filmidagi Liya Axedjakova ijrosidagi kotiba Verani o‘zbekcha so‘zlatgan aktrisa sifatida ma’lum va mashhur.

Aktrisa  bugungi kunda  Belgiyada istiqomat qiladi.

U suhbatning boshida Ona yurti O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga bo‘lgan sog‘inchli salomini Saodat Qobulovaning “Dugonalar bormisiz, omonmisiz?” sevimli qo‘shig‘i xirgoyisi  ila izhor etdi...

Men esa  aktrisa bilan suhbatlashar ekanman, “Aynanib ketay, jonim qoqindiq!” qabilidagi mehribonchiligidan erib, uni “Quyosh buvijon” deya atagim keldi. 

Aktrisa qalbi hamon oftobdek jo‘shqin, jarangdor ovozi xushkayfiyat ulashguvchi. Hikoyalari goh kuldirdi, goh o‘yga toldirdi, goh esa ulg‘aytirdi...

Svetlana Tagirova

Aktrisa.

O‘zbek dublyaj san’ati ustasi.

Faxriy kinoarbob. 

Aktrisa “O‘zbekfilm” kinostudyasida o‘zbek tiliga dublyaj qilingan “Ishdagi ishq”, “Darbadar avtobus” “5-B”da o‘qiydigan shumtaka”, “Vayrona uydagi sharpalar”,“Sening taqdiring uchun” kabi filmlar va bir qator multfilmlarda yangragan noyob xarakterli, xos, jarangdor ovozi ila o‘zbek dublyaj san’atida o‘zining munosib o‘rniga ega.

Bugungi kunda radioning “Oltin fond”ida saqlanayotgan “Oltin kalit yoki Buratinoning boshidan kechirganlari” (rejissyor Sharif Qayumov) radiospektaklida ilk bor yog‘och qo‘g‘irchoq – Buratino qahramoni talqini aktrisa ijrosida tasmaga muhrlangan.

“Quyosh buvi”ning bolalik xotiralari...

Qay yulduzdan bu baxt boshimga qo‘ndi?!...  

Men 1940 yil Buxoroda tug‘ilganman. Esimda, “teatr o‘yini”dan boshqasiga hech qiziqmasdim. Bu sevimli mashg‘ulot meni xayolimga qayerdan keldi, bilmayman. Onam chiroyli kuylardi. Menimcha, ovozi undan menga  meros qolgan. Otamdan erta ayrilganman. Onam meni artistlikka bo‘lgan ishtiyoqimni qo‘llab-quvvatlagan. Uning qalbidagi pinhon orzusini amalga oshirdim, deb o‘ylayman. Buxorodagi “Pionerlar saroyi” sahnasida birinchi jiddiy rolim – Zolushka (Kuloyim)ni 10 yoshimda ijro qilganman.

Urush yillari Moskvadan O‘zbekistonga evakuatsiya qilinganlar orasida ko‘plab teatr arboblari ham bo‘lib, ulardan biri – Yevgeniya Nikolayevna menga ustozlik ko‘magi ila hayot yo‘llanmasini berdi. Ustozimning “Teatrda ishlamaydilar, xizmat qiladilar!”,  degan o‘gitlari bir umr qulog‘im va yuragimda qoldi.

Qanday go‘zaldir, bu yoshlik bahor...

Taqdir, bu yo‘lni menga avvaldan hozirlab qo‘ygandek edi go‘yo... Birinchi ustozim bilan bog‘liq voqeadan keyin Buxoroga A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat teatr va rassomlik  instituti bitiruvchisi Iza Iseyeva keldi. Iza opa yosh o‘spirin qizning orzusini maqsadga aylanishida tirgak bo‘lib, sinchalakni institutga uchirma qildilar. Ammo, o‘sha 1957 yil rus guruhiga imtihon qabuli bo‘lmadi. Faqat o‘zbek guruhiga qabul bo‘lgandi. O‘sha paytda Buxoro  aholisi asosan, tojikcha so‘zlashishardi. Men ham  bu tilni yaxshi bilardim. Lekin tabiatan men hamma narsani tajriba uchun sinab ko‘rishni yaxshi ko‘raman. Iza opa menga monolog, ertak, umuman, ijodiy imtihonda zarur bo‘lgan hamma narsani yod olishimga yordam berdilar. Katta hayot bo‘sag‘asida ich-ichimdan picha qiziqqon hayajon ila onamning yordami bilan Toshkentga yetib keldim. Mening imtihon uchun tayyorlagan matnlarim tatar, rus, tojik tillari qorishmasida  qanday jaranglaganini bir eshitganingizda edi...  

O‘ylaymanki, men o‘shanda imtihon komissiyasini juda xursand qildim. Navbat qo‘shiqqa keldi. O‘sha paytlarda “Strekoza” filmi mashhur edi. Filmda toj nomer sifatida  yangragan qo‘shiqni kuyladim. Keyin o‘zbek tilida ham qo‘shiq aytishimni so‘rashdi. Barcha imkonimni ishga soldim. Shunda mening ovozim aniqroq, yorqinroq eshitildi va  bu lahzalar mening taqdirimni hal qildi. Menga olti oy sinov muddati berilgandi. Shu olti oy davomida tilni puxta egallashim va o‘zbek tilida “Sahna nutqi” fanidan imtihon topshirishim kerak edi. Men bu vazifani uddasidan chiqdim. Xayriyat!... Bunda menga butun kurs yordam bergandi.

Qarangki, keyinchalik ham taqdirning taqozosi bilan  menda turli tillarni o‘rganishga moyilligim borligini angladim. 60 yoshimda mutlaqo notanish ikki til –  niderland va fransuz tillarini o‘rganishim zarurati tug‘ildi va bu vazifani  yomon  uddalamadim, deb o‘ylayman. Barcha hayotiy vaziyatlar, tevarak-atrofni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim va buning natijasida orttirgan tajribalarim umrim davomida menga asqotib keldi.   

Hozir ortga o‘girilib, o‘ylab qarasam, hayotimning eng baxtli yillari – talabalik yillarim ekan, bilsam. Oh, bu yillar – yoshlikning jo‘shqin onlari ekan!...

Bizning mo‘’jazgina A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat teatr va rassomlik institutimiz bag‘rida qandaydir mo‘’jiza bilan turli millat farzandlari – o‘zbek, rus, qirg‘iz, tojik, yunon, koreyslar yig‘ilishgandi. Biz baynalmilal ahil oila edik!... To‘rt, besh kishilik kichkinagina yotoqxonamizda araz, ginalardan xoli inoq yashardik va ajib bayramlarni birga tashkil qilardik. Ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan tashkillashtirilgan yangi yil bayrami arafasidagi  badiiy chiqishlar syujeti esda qolarli bo‘lgandi. Biz birinchi kurs talabalari ham unda ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘lgandik. Bitiruvchilar orasida Botir Zokirov, Baba Annanov, Iosif Azizbayevlar bo‘lib, ular institut hayotidan  tanish mavzuga oid hazilomuz chiqishlari bilan hammaga xushkayfiyat ulashishgandi o‘shanda.

Har bir kurs o‘z auditoriyasini o‘z milliy qadriyatlari rangi, nafasi ila bezamoqqa tutinardi – turkmanlar alvon gilamlarini devor uzra yozar, o‘zbeklar boshlariga do‘ppi qo‘ndirgan, ruslar esa uzoq o‘rmonlar osha yo‘l bosib kelgan yoqimli bo‘y taratguvchi archalarini shavq bilan bezatishardi. Talabalarning yoqimli shovqin-suroni, jarangdor qo‘shkulgular, musiqa... Bari unutilmas...

Til mavzusida yana bir qiziq voqea bo‘lgan talabalik paytim. Birinchi kurs oxirida meni bitiruvchi o‘zbek guruhining diplom spektakliga taklif qilishgan va men bu spektaklda zavq bilan bir o‘g‘il bola rolini ijro etganman. Ustozlar borasida haqiqatdan omadliman. Ajoyib pedagog, professor, atoqli teatr rejissyori Toshxo‘ja Xo‘jayev kurs rahbarligida aktyorlik san’atining sir-sinoatidan saboq oldim. Ustozni To‘la aka, deb chaqirar edik. Mening kursdoshlarim – To‘g‘on Rejametov, Arsen Ismoilov, Roziya Usmonova, Dilbar Hasanova, Shirin Azizovalar bo‘lib, bu nomlarning bari kelajakda o‘zbek san’atida o‘zining munosib o‘rnini topdilar.

Institutni tamomlashim bilanoq, 1961 yili Hamza nomidagi akademik drama teatriga taklif qilishdi. Bir mavsum davomida bir necha spektakllarda bosh rollarni ijro qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. Betakror aktrisalar – Erkli Malikboyeva, Yayra Abdullayevalar bilan “Nomus” (A.Shirvonzoda asari, Susan obrazi), “Gang daryosining qizi” (R.Tagor asari. Umesh obrazi) spektakllarida dublyorlik qildim. Sho‘x-shodon bolakay Umesh rolini qanday ijro qilganimni qiziq tarixi bor. Tasavvur qiling, vaziyat taqozosi tufayli hech qanday repetitsiyasiz rejissyorning bir-ikki tushuntirishlarini quloqqa ildim-u, birdaniga spektaklda rol ijro qilib ketdim. Rejissyor meni xuddi, qizib turgan yoqqa tashlagan-u,  “jizillatib” pishitib olgandek. Yoshlikdagi yurakni qarang! Olov qiz bo‘lganman! Hayiqish, hadiksirash menga begona edi. Sahna uzra  parvozdan rohatlanardim!

“Pochta” (R.Tagor asari) nomli spektaklda ilk bor dublyorsiz rol ijro qildim va shunday muvaffaqiyatli debyutdan so‘ng teatrni yoshlik qilib, tark etishga ham ulgurgan edim. Hozir shu tanlovimdan pushaymonligim bor, ochig‘i. Men qo‘shiq aytishni sevardim, musiqaga mehrim bo‘lakcha edi-da. Turli shaharlardagi operetta teatrlariga kirishga bo‘lgan urinishlarim musiqiy ma’lumotim yo‘qligi sababli, muvaffaqiyatsiz yakun topgandi. Hattoki, o‘zimning barcha qobiliyatlarim uchun yaxshi bir maydon deb umid qilganim – “Estrada teatri”da ham o‘zimni topolmadim. Institutda o‘qigan va teatrda ishlagan yillarim rejissyor bilan muloqot tilini o‘rgatdi. Estradada esa rejissyor yo‘q edi. Drama teatridan farqli estrada teatrida qo‘shiq aytib, raqsga tushishdan zavqlanardim. O‘sha kezlar Turkiston harbiy okrugining yosh iste’dodli musiqachilardan tarkib topgan estrada ansambli bo‘lib, ansambl repertuari harbiy mavzular doirasida cheklanganligi bois, imkoniyatlarimni to‘la-to‘kis ifoda etishga izn bermasdi. Har doimgidek rejissyor va yaxshi mualliflarni qo‘msay boshladim. Shu yillar davomida taqdir yo‘llarim radio va dublyaj bilan tutashdi va bu ikkisi ayni men izlagan, artistni ma’nan qo‘llab-quvvatlovchi kayfiyat o‘chog‘i edi. Ulardan olingan zavqni institutda o‘qigan yillarim shukuhi bilan qiyoslash  mumkin.

Sevimli filmlarimdan biri bu – “Ofitserlar”.  Bu filmning o‘zbek tilidagi dublyajida bir Ivan Trofimov (Vanechka) ismli yigitchaga ovoz berdim. Filmning dublyaji o‘zbek dublyaj san’atining muvaffaqiyatli namunalaridan biri bo‘lib qoldi tarixda. Aytgancha, bu filmda birinchi marta fransuz tilida bir necha iboralarni so‘zlaganman. Hayron qolaman-da, kim o‘ylabdi deysiz, keyin yillar o‘tib, umrimning bir pallasida fransuz tilida mukammal so‘zlashishga to‘g‘ri kelishini, xayolimga ham keltirmaganman buni.

Radio va dublyaj...

Radio va dublyajga meni rejissyor, “ma’naviy otam” – Sharif Qayumov olib kelganlar. Bu uchun u kishidan minnatdorman va yaratganga shukrona qilaman. Sohaning mazkur yo‘nalishlarida faoliyat boshlashim teatrda ish boshlagan ilk yilimga to‘g‘ri keladi. Bu olamga qanday tushib qoldim, o‘zim ham hayronau lolman. Xuddi ertaklardagidek, kutilmganda sodir bo‘ldi bari. Sharif Qayumov rejissyorligida “Oltin kalit va Buratinoning boshidan kechirganlari” asarining o‘zbek tilida radiospektaklini tayyorladik. Bu mening radiodagi ilk jiddiy ishim. Texnikaga ehtiyoj sezilmadimi yoki rejissyor mening ovozimni to‘laqonli ishlatishga qaror qildimi, bilmadim. Butun spektakl davomida ovozimni yog‘och qo‘g‘irchoqga monand –  “g‘ichirlagan”  ohangga sozlab, bor mahoratimni ishga soldim. Keyinchalik, ushbu radiospektakl O‘zbekiston radiosining “Oltin fond”iga kirganligini ma’lum qilishdi. Bilasizmi, men sizga bir sirni aytay! Buratino bu – qalban mening o‘zim asli. Undagi mo‘’jizalarga ishonuvchanlik, hayotsevarlik, quvnoqlik sifatlari shu yoshimda ham menda yashamoqda! Bolalikni hech qo‘yib yubormaganman! Qo‘yib yubormayman ham! Siz ham qo‘yib yubormang! Bolalik bu – katta xazina!

Kinostudiyada esa eng qiziqarli ish bor edi – dublyaj!... Bu yerda faqatgina ovoz bilan ishlash yoki yaxshi artikulyasiyaning o‘zi yetarli emas. Bu – haqiqiy aktyorlik mehnatidir! Biz qahramon bilan birga yashab, his qilardik.  Qolgani esa o‘z o‘zidan hikmatli tasodiflar bilan bog‘liq holda sodir bo‘lardi. Hozir qandayligini bilmayman, lekin avval dublyaj studiyalari begona shovqinlardan texnik uskunalar tanqisligi bois, yetarlicha himoyalanmagandi. Shu sababli, yozuv paytida tinchlikni saqlash uchun navbat kutib turgan aktyorlar “kolso” oldini  bir muddat tark etishardi. Rejissyor esa tunda tramvaylar qatnovi to‘xtash vaqti hisobini olib, dublyaj yozuvini kechki smenaga mo‘ljal qilardi. Shu ko‘yi butun tunni kinostudiyada ishlab, o‘tkazar edik. Rejissyor “kolso” oldiga chorlagani hamonoq, ekran tomon chopardik. Xuddiki, sal oldin kutish o‘rindig‘ida mudragan biz emasdek go‘yo va yana jangovor shaylikda ishlashda davom etardik. Bu ishdan hech charchamadim. Teatrdan ketganimdan so‘ng esa yanada katta xursandchilik, mamnuniyat bilan faoliyatimni dublyajda davom ettirdim. Dublyaj men orzu qilgan sahna o‘rnini egalladi.  

“Ishdagi ishq”  filmi dublyajini qanday bo‘lganini hamon yoqimli sog‘inch ila eslayman. Film ekranga chiqqanida ovozim xalq orasida tanilib qolganligini payqab qoldim. Ko‘chada bir o‘zbek ayoliga nimadir deganimni bilaman, “Voy, eshitdingmi?!...”, deb yonidagi hamrohiga baqirib qolsa bo‘ladimi deng. Shu kundan e’tiboran, men  gollivudlik zamonaviy, olifta, so‘zga chechan kotiba siymosiga aylandim, qoldim.  

Har doim Liya Axedjakovani o‘zbekcha so‘zlatishdan mamnun bo‘lganman. Bunda ikki yo‘l bo‘lib: aktrisani ayni takrorlash yoki rad etib, uni yanada boyitish zarur edi. Ikkisidan biri. Xuddi teatrda Yayra Abdullayeva bilan bitta rolda dublyor bo‘lganimiz kabi. Bu vazifa men uchun sharaf va ayni paytda katta mas’uliyat edi.

Taqdirning omadli chiptasi – Hamza teatriga yo‘llanma va  ustozlarni yod etib...

Yoshligimda Hamza teatirga  tashrifim, bu taqdirning  menga tutqazgan eng omadli chiptasi ekanligini hali anglamagandim. Bugun esa bu in’om uchun yaratganga shukronalarim bisyor. Sora Eshonto‘rayeva, Olim Xo‘jayev, Nabi Rahimov, Maryam Yoqubovalar bilan bitta sahnada bir muddat ijod etish baxtiga muyassar bo‘lganligimdan faxrlanman! Ular nafaqat buyuk aktyorlar, balki yuksak madaniyatli shaxslar edi. Hammalari menga mehr bilan munosbatda bo‘lishdi. Ayniqsa, Maryam Yoqubova meni qo‘shiqchilikka bo‘lgan sevgimni qo‘llab-quvvatlagan va bir umr xotiramda eng mehribon inson sifatida qoldi. Qo‘shiq aytish mening taqdirimga yozilmagan ekan, nachora... Ustozlar xotirasi muqaddas. Ruhlari shod bo‘lsin!...

Men Vatandan ayro, lek Vatan mendadir...

Siz bilan suhbatlashib, gul davrim – yoshligimga qaytgandek bo‘ldim. Nimalarnidir unutgandirman, axir, deyarli 60 yilni eslashni o‘zi bo‘ladimi? Yaqinda  82  bahorni qarshilayman, nasib. Allohga shukur!..  

Yevropaning Belgiya davlatida 20 yildan buyon yashayapman. Birinchi yillar maktabga til o‘rganish uchun qatnadim. Xuddi yosh bolalardek alifbeni o‘rganishdan boshladim ishni. Inson bu kasb bilan ishlashni faqat orzu qilishi mumkin. Ammo birinchi kundanoq, qattiq tirishqoqlik bilan ishimni puxta egallashga qaror qildim. Bolalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tdim. Maktab bolalari uchun O‘zbekiston haqida dastur tayyorladim. Maktablar bo‘ylab o‘quvchilarni O‘zbekiston tarixi, madaniyati, milliy liboslari bilan tanishtirdim. Birga o‘ynadik, birga qo‘shiq aytdik. Bizni  vaqtda mashhur bo‘lgan “Solnechniy krug” (“Har doim bo‘lsin, Quyosh!”)  qo‘shig‘ini niderland tilida kuyladik.

Oradan bir necha yil o‘tib, meni mahalliy teatrga ishga taklif etishdi. U yerda ikkita spektaklda katta rollarni  niderland tilida ijro etdim. Bular: “Medeya” (jodugar Kirke), “Live de moeren!” (Ispaniya qirolichasi Izabella).  

Dublyaj qilgan filmlarimni ko‘rishni xohlasam ham, ko‘rolmayman o‘zbek tilida. Men o‘z ijodiy ishlarimga nisbatan juda tanqidchiman. Albatta, nimadir yoqinqiramaydi va har doim shu joyini boshqacha ijro qilishim kerak edi, degan o‘y o‘taveradi xayoldan. Lekin afsuski, hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi, vaqt ortga qaytmaydi...

Kinoda suratga tushish mening chekimga tushmagan ekan. Rejissyor Anatoliy Qobulovning yaqin o‘tmishdan hikoya qiluvchi bir televizion filmidagi ishtirokim ekranda qolgan yagona esdaligimdir.

Dugonalar bormisiz, omonmisiz?!...

O‘zbekistonni iliqlik va minnatdorlik bilan tez-tez eslayman. Do‘stlar, hamkasblar haqida uzoq xayol suraman.

Ayniqsa, mazali milliy taomlarimiz ko‘z oldimdan o‘taveradi. O‘zbek oshxonasini juda sog‘indim. Belgiyaning hech bir yerida o‘zbek oshxonasi uchramaydi. Internetda somsa, norin va boshqa noz-ne’matlarni ko‘rib qolgudek bo‘lsam, sevinib, ko‘zim quvnab o‘tiraman.

Aynanay, jonim qoqay,  kutilmganda, xudo yuborar ekan baxtni, ko‘z yoshimni keltirdingiz... O‘zim-o‘zimga hayron bo‘layapman. O‘zbek so‘zlari o‘z o‘zidan, tabiiy ravishda yodimga keldi. 33 yil o‘zbek tomoshabinini xursand qilganman, axir.

“Ishdagi ishq” filmida ijro etilgan “U prirodi net ploxoy pogodi” qo‘shig‘i mazmuni kabi tabiatning yomon ob-havosi yo‘q, bari sevimli. Xuddi shuningdek, UMRning har fasli yaratganning inoyati ekan, aynanib ketay!...

Muhabbat ila Svetlana Tagirova.

Roziya Usmonova (Svetlana Tagirovaning kursdosh dugonasi):   

- Svetlanani ko‘rmaganimga ancha yil bo‘ldi, hozir qayerda ekan, deb ko‘p eslab turardim. Kutilmaganda, sizning xushxabaringiz odamni suyuntirdi. Svetlana meni yodimda aqlli, odobli, mehnatkash, nafis didli, kitobsevar, romantik qiz sifatida qolgan. Faqat besh bahoga o‘qirdi, juda tirishqoq edi. U bilan birgalikda keyinchalik, taxminan, 80-yillar institutda pedagog bo‘lib ham ishladik. Besh yilga yaqin o‘qituvchilik qildi. Institutda obro‘si baland edi.

Qadrdon dugonajon, Svetlana! Biz ham seni, chiroyli ovozingni juda-juda sog‘indik. Toshkentga kelganingda, albatta  diydorlashamiz, nasib... Seni quchib qolaman!

Jonajon dugonang, Roziya. 

Lobar QOBILOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring