Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ushbu masalada gapirish men uchun og‘ir va xavfli» — Rasul Kusherbayev

«Ushbu masalada gapirish men uchun og‘ir va xavfli» — Rasul Kusherbayev

Foto: «Xabar.uz»

Chunki buni aytishim bilan «o‘qlangan» bir qator iqtisodchi va siyosatchilarimiz meni iqtisodni tushunmaslik, populizm va noshukurlikda ayblashadi. Tan olaman: men kuchli iqtisodchi emasman, bor yo‘g‘i bir «ovozman» xolos. Nailoj.

Mayli masalaga o‘tsak.

Kuni kecha OAVda tarqalgan xabar qalbimni larzaga soldi... Va bu uzoq vaqtdan beri o‘ylantirib yurgan masalani eslatishga majbur qildi. Buning uchun ko‘pgina «muhtaram»lardan uzr so‘rayman.

OAVda qo‘shni Afg‘oniston sobiq deputati Muxammad Moxakik sakkiz nafar afg‘onistonlik bola ochlikdan vafot etganini aytdi... Bolalarning barchasi yetim bo‘lib, kattasi sakkiz yoshda, kichigi bir yarim yoshda ekan...

YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxirigacha ushbu mamlakatda besh yoshgacha bo‘lgan uch million ikki yuz ming bola ochlikdan qiynaladi, ularning bir millionga yaqini ochlik tufayli vafot etishi mumkin.

Kamiga yaqinda internetda bir domlamiz o‘zimizda bitta ayol muhtojlikdan uch to‘rt nafar yosh bolasi, oilasi  bilan bir «buxanka» nonni besh kun yeb, kun kechirayotganini bildirdi... Boshqa ozuqasi yo‘q.

Tagimizda ulov, shohona hayot bag‘rida, to‘q qoringa unga-bunga topshiriqlar berib yashayotgan bir vaqtda bunday holatlarni chin insoniy qalbdan his qilishimiz qiyindir balki. Lekin bular bor gap o‘rtoqlar...

Endi masalaga ochiq ko‘z bilan qarasak: Afg‘ondagi norasida bolalarning ochdan o‘lgani va dunyoda ochlik sabab o‘layotgan boshqa bolalarning xuni uchun ona zamin boyliklaridan ortiqcha yoki faqat o‘zi uchun foydalanayotganlar javob beradi albatta, balki ular qatorida biz ham bo‘larmiz. Lekin ayni vaqtda bizda ham bunday hollar hech bir bola bilan sodir bo‘lmasligi uchun nimalar qilayapmiz?

Balki amaldagi ishlarimizni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish kerakdir. «Bola huquqlarining  kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun va hech bo‘lmasa real hayotdan uzoqroq bo‘lgan hukumatning 44-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomni.

Ushbu Nizomda hech bo‘lmasa har bir bolani qanday oilada dunyoga kelishidan qat’i nazar uch yoshga to‘lgunga qadar nafaqa puli (bola puli) berilishini to‘liq kafolatlashimiz shart. Mayli boshqa rejalardan kecharmiz, biroq bolani haqqini joyiga qo‘ymasak bo‘lmaydi. Shunda «bola puli» tayinlashda korrupsiya ham to‘liq yo‘qoladi, o‘sha pul sandiqqa solinmay iqtisod yurishiga hissa qo‘shadi. Aks holda ishimizda halovat, unum bo‘lishi dargumon.

Hurmatli bolalari bor iqtisodchi, hamkasb siyosatchi va rahbarlar: har birimiz afg‘on bolalarining ayanchli qismatidan saboq olaylik, bolalarimizni bunday qismatdan saqlaylik!

Ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurashadigan butun bir vazirligimiz bor, ular sal uyg‘onsa bo‘lardi.

Gaplarim og‘ir botgan, buning uchun «aqlimni kiritib» qo‘ymoqchi bo‘lgan barchadan yana bir bor uzr so‘rayman!

Takror aytaman: men muammo emasman, bir «ovozman» xolos. (Meni tinch qo‘ying!) Unga quloq tutish yoki tutmaslik vijdon va xohishingizga bog‘liq. Faqat bugungi bolalar ertaga siz-u bizni va ishlarimizni qanday baxolashini unutmasangiz bo‘ldi! — deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring