Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uyni endi dollarga sotib bo‘lmaydimi?

Uyni endi dollarga sotib bo‘lmaydimi?

Foto: «Realtymax.ru»

«Men uy oldi-berdisi bilan shug‘ullanaman. Keyingi paytda internetda tarqalgan bir xabar tufayli uy-joy bozorimizda «dollarda uy oldi-sotdisini qilganlar endi jinoiy javobgarlikka tortilar ekan» degan gaplar paydo bo‘ldi. Ammo «Advokat» jurnalida tavsiya qilingan «Kundalik hayot uchun advokat maslahati» kitobida bunday xatti-harakat uchun javobgarlik belgilanmaganligi haqida o‘qiganim esimga tushib, kitobni qayta ko‘rdim, adashmagan ekanman. Shu masalaga oydinlik kiritib bersangiz. Kitob chop etilganidan keyin qonunlarga o‘zgartirish kiritildimi yoki kitobda bu masala xato ketganmi?»

«Advokatnews.uz» tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilgan yurtodoshimizning bu savoli bizni ham qiziqtirib qo‘ydi. Zero, xabaringiz bo‘lsa kerak, internet nashrlarida poytaxtning Chilonzor tumanida 25 ming AQSh dollari evaziga 2 xonali xonadon oldi-sotdisini qilayotgan fuqarolarning huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingani va ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 177- (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 189-moddalari (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar tarqalgan edi.

Garchi oradan ko‘p o‘tmasdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ushbu xabarning yolg‘onligi haqida ma’lum qilingan bo‘lsa-da, mazkur axborotnomada bunday xatti-harakat uchun javobgarlik bor-yo‘qligi masalasiga aniqlik kiritilmadi. Fuqarolar o‘rtasidagi tushunmovchilik shundan kelib chiqqan bo‘lsa ajab emas.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda «Advokat» jurnali kutubxonasi» ruknida chop etilgan «Kundalik hayot uchun advokat maslahati» kitobida esa mutaxassislar bu masalaga quyidagicha javob berganlar:

«Amaldagi qonunchilikka binoan, rostdan ham, mamlakatimiz hududida yuridik shaxslar bilan yuridik shaxslar, yuridik shaxslar bilan jismoniy shaxslar hamda jismoniy shaxslar bilan jismoniy shaxslar o‘rtasida bo‘ladigan savdo sotiq va xizmatlar ko‘rsatish munosabatlarida hisob-kitob milliy valyuta, ya’ni so‘mda amalga oshirilishi lozim. Ammo bunda o‘zaro hisob-kitobning pul o‘tkazish, naqd pul to‘lash va pul to‘lov kartochkalaridan pul yechish orqali amalga oshirilishi nazarda tutiladi.

Lekin jismoniy shaxslar o‘rtasida naqd chet el valyutasida bo‘ladigan o‘zaro hisob-kitoblarda, masalan, uy-joyni yoki avtomashinani chet el valyutasida olganlik yoxud sotganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.

Shuningdek, ayrim tashkilotlarga ham chet el valyutasida tovar sotish, xizmat ko‘rsatish yoki ish haqi to‘lashga alohida qonun yoki hukumat qarorlari bilan ruxsat etilishi mumkin».

Shunday bo‘lsa-da, yanada aniqlik kiritish maqsadida kitobning umumiy tahriri uchun mas’ul shaxs hamda mualliflardan biri bo‘lgan yuridik fanlar doktori, advokat Bahrom Salomovga murojaat qildik. Uning aytishicha, kitobda berilgan ushbu javob to‘g‘ri bo‘lib, qonunchilikda uni inkor qiladigan hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Shuningdek, advokat qo‘shimcha sifatida aniqlik kiritadiki, jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasidan to‘lov vositasi sifatida foydalanish emas, balki uning (ya’ni valyutaning) o‘zini oldi-sotdi ob’yektiga aylantirish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring