Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vadim Abramov «nomuayyan muddatga» futboldan chetlashtirildi

Vadim Abramov «nomuayyan muddatga» futboldan chetlashtirildi

Vadim Abramov O‘zbekiston termasini ilk bor Osiyo kubogi yarim finaliga olib chiqqan.

Foto: www.the-uff.com

O‘zbekiston futbol federatsiyasi «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramovni nomuayyan muddatga futboldan chetlashtirdi. Bu haqda federatsiya rasmiy saytida xabar berildi.

Unda aytilishicha, O‘zbekiston futbol federatsiyasi Intizom kodeksi 2-bo‘limining klublar boshliqlari va murabbiylariga nisbatan belgilangan talablarni so‘zsiz ijro etish va Ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston futbol federatsiyasi hamda O‘zbekiston professional futbol ligasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni noto‘g‘ri talqin qilinishi holatlarini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi Byurosining 2017 yil 16 dekabrdagi 9-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda bayon etilishicha, O‘zbekiston futbol federatsiyasi Intizom kodeksining 5.41-bandiga binoan, O‘FF va O‘zPFL hamda ularning rasmiylari sha’niga nisbatan noto‘g‘ri fikrlar bildirganligi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha keng jamoatchilik o‘rtasida nosog‘lom fikrlar vujudga kelishiga sabab bo‘layotganligi uchun, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Intizom kodeksi 2-bo‘limining «d» kichik bandiga muvofiq, «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov nomuayyan muddatga futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlashtirildi.

Mazkur qaror e’lon qilingandan so‘ng, «Сhampionat.asia» sayti xodimi Xayrulla Xoliqov Abramov bilan bog‘langan. O‘zbekiston terma jamoasining sobiq murabbiyi esa bu qarordan mutlaqo bexabar ekanini ma’lum qilgan.

Vadim Abramov
Foto: Google.сom

Ha, shundaymi? Biz — futbol kishilarimiz. Futbolda har kimning o‘z fikrini aytishga haqqi yo‘qmi? Kecha PFLda yig‘ilish bo‘ldi. Unda men ham qatnashdim. Bir-ikkita gapga o‘z munosabatimni bildirdim. Eshitgan bo‘lsangiz kerak, keyingi yil Oliy va Birinchi ligada o‘ynash uchun futbolchilar normativ topshiradi. Normativ juda murakkab tuzilgan, uni hatto Bobbi Charlton ham topshirolmasdi. Men PFLning ba’zi qarorlari bo‘yicha o‘z fikrimni aytdim, balki bironta gapim yoqmagan bo‘lishi mumkin. 

Vadim Abramov

Abramov, shuningdek, federatsiyaga borib, ushbu qaror yuzasidan izoh talab qilishini qo‘shimcha qilgan.

Kimgadir gaplarim yoqmagan bo‘lsa, kechaning o‘zida yuzimga aytsa bo‘lardi. Endi federatsiyaga o‘tib tushuntirish berishlarini so‘rayman. Agar hamma meni o‘zbek futboli uchun keraksiz odam deb hisoblasa, buning uchun meni chetlatishlari shart emas, o‘zimga aytsa indamay futboldan ketaman.

Vadim Abramov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring