Xitoydagi o‘rmonlashtirish dasturi mamlakatdagi suv muvozanatini o‘zgartirib yubordi
Xitoyda so‘nggi o‘n yilliklarda amalga oshirilgan yirik o‘rmonlashtirish dasturlari kutilmagan ekologik oqibatlarga olib keldi. Olimlar ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda milliardlab daraxt ekilishi suv resurslari taqsimotini sezilarli darajada o‘zgartirgan.
Ma’lum qilinishicha, 2001–2020 yillar davomida o‘simliklar qoplamining keskin ortishi Xitoy hududining 74 foizida suv zaxiralari kamayishiga ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, sharqiy va shimoli-g‘arbiy hududlarda bu jarayon kuchliroq sezilgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, o‘rmonlar ko‘payishi bug‘lanish hajmini oshirgan va namlikning bir qismi Tibet tog‘ platosiga ko‘chishiga olib kelgan. Natijada mamlakat gidrologik muvozanati o‘zgara boshlagan.
Shuningdek, ayrim yaylovlarni o‘rmonlarga aylantirish yomg‘ir miqdorini oshirgan bo‘lsa-da, aholi uchun mavjud suv hajmini kamaytirgan. Bu ayniqsa suv tanqisligi yuqori bo‘lgan shimoliy hududlar uchun dolzarb masala hisoblanadi. Chunki Xitoy aholisining qariyb yarmi aynan shu hududlarda yashaydi, ammo suv resurslarining faqat 20 foizi shu yerlarga to‘g‘ri keladi.
Xitoy tajribasi ekologik dasturlar hatto ijobiy maqsadda amalga oshirilganda ham tabiat muvozanatiga kutilmagan ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini namoyon qildi. Olimlar kelgusidagi ko‘kalamzorlashtirish loyihalarida suv omillarini ham hisobga olishga chaqirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter