Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorijda O‘zbekiston bilan hamkorlikda birinchi institut tashkil etiladi

Xorijda O‘zbekiston bilan hamkorlikda  birinchi institut tashkil etiladi

Foto:Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

2019-yilda Minsk shahrida amaliy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar  tayyorlaydigan O‘zbek-belorus qo‘shma instituti ochiladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Madjidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Belarus davlatiga ishchi tashrifi davomida bu borada shartnoma imzolandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Amaliy mutaxassisliklar instituti Belarus milliy texnika universiteti bazasida tashkil etilib, yangi institutda asosan iqtisodiyotning real sektorlarida talab yuqori bo‘lgan malakali ishchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor beriladi.

Qo‘shma institutga ikkala davlat fuqarolari kelgusi o‘quv yilidan boshlab talabalikka qabul qilish rejalashtirilgan. Institutda o‘quv jarayoni xalqaro standartlar asosida ikki davlat o‘quv rejalariga tayangan holda olib boriladi. Shuningdek, yangi institut bazasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan qo‘shma markaz tashkil etiladi.

Belarus  milliy texnika universiteti qoshidagi «Politexnik» ilmiy-texnik parkida Inomjon Majidov beloruslik hamkasbi Igor Karpenko bilan uchrashdi. Muloqot davomida o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilib, uchrashuv yakunida ikki vazirlik o‘rtasida tuzilgan Bitimni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

Muzokaralarda Belorussiya tomoni bilan qurilish, avtoservis va jamoat ovqatlanishini tashkil etish kabi bugungi kunda jamiyatimizda talab yuqori bo‘lgan sohalarda malakali kadrlar tayyorlash, ko‘p tarmoqli resurs markazlarini yaratish borasida hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Inomjon Majidov Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetiga ham tashrif buyurib, bu yerda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi. Vazir universitetda ta’lim olayotgan yoshlar bilan muloqot qilib,  ularning o‘qishi va yashash sharoiti bilan tanishdi.

Bugungi kunda ushbu universitetda 80 nafar yurtimiz yoshlari tahsil olmoqda, ulardan 62 nafri 1 bosqichda o‘qiydi. Talaba-yoshlar vazir bilan muloqotda Toshkentda an’anaviy tashkil etiladigan xalqaro ta’lim ko‘rgazmalari xorijiy oliy ta’lim muassasalari haqida ma’lumot olish imkonini berayotganini e’tirof etishdi.

Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasining Akademik M.S.Visotskiy nomidagi Minsk davlat avtomexanika kolleji, Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti, kasbiy rivojlantirish innovatsiya markazi – informatika va radioelektronika biznes-inkubatori, M.Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti hamda Talabalar shaharchasiga borishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring