Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorijlik vatandosh olimlar Toshkentda ilmiy seminar o‘tkazishdi

Xorijlik vatandosh olimlar Toshkentda ilmiy seminar o‘tkazishdi

2019-yilning 26-27-iyul kunlarida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida vatandoshlar — Germaniyaning Gumboltd universiteti professori Abror  G‘ofurov, Moskva davlat universiteti (MDU) ilmiy izlanuvchisi Ildar Muxamedjanovlar tomonidan doktorantlar va tadqiqotchilar uchun ilmiy seminar tashkil etildi.

Ilmiy seminar atrof-muhit va suv resurslarini boshqarish hamda monitoring qilishda matematik modellashtirishga bag‘ishlangan bo‘lib, unda atrof-muhitni modellashtirish jarayoni bilan tanishish, masofaviy zondlash asosida monitoring, statistik dasturlash (RStudio) bilan atrof-muhitning oddiy modellarini ishlab chiqish, gidrologik modellashtirish, masofaviy zondlash ma’lumotlarini qayta ishlashda qo‘llaniladigan zamonaviy yondoshuvlar va olingan natijalarni tahlil qilishga doir yangi bilimlar doktorantlar va tadqiqotchilar tomonidan o‘zlashtirildi.

Seminarning ikkinchi kunida har bir ishtirokchi tomonidan amaliy masalalar yechib ko‘rilib, yuqorida nomlari keltirilgan modellashtirish jarayonlarini amaliy masalalarga qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalar shakllanishiga erishildi.

Shuningdek, ilmiy seminar davomida MDU professori, Rossiya fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Lupyan Yevgeniy Arkadevich bilan onlayn tarzda muloqot tashkil etilib, uning tomonidan kelgusida hamkorlik jarayonlarini jadallashtirish, TIQXMMI talaba va doktorantlarini tegishli sohalar bo‘yicha Moskva davlat universitetida amaliyot va stajirovka o‘tash imkoniyatlarini yaratib berish takliflari berildi.

Institut rahbariyati tomonidan ilmiy seminarni tashkillashtirish va o‘tkazishda faollik ko‘rsatgan vatandoshlarimiz — Germaniyaning Gumboltd universiteti professori, Abror G‘ofurov, Moskva davlat universiteti ilmiy izlanuvchisi Ildar Muxamedjanov hamda hamkor Rossiyalik olim Lupyan Yevgeniy Arkadevichlarga minnatdorchilik bildirildi.

 Rahimboy Jumaniyozov,
institut matbuot kotibi
O.Abdisamatov, N.Shaymanov, 
Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va
ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi xodimlari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring