Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi uylar taqsimlanishga tayyor – Bosh vazir Sirdaryoga bordi (foto)

Yangi uylar taqsimlanishga tayyor – Bosh vazir Sirdaryoga bordi (foto)

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 29-oktyabr kuni Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan foydalanish, ularni soz holatda saqlash hamda aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Prezidentimizning joriy yil 13 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur hududlarda barpo etilgan ko‘p qavatli uylardan foydalanish, ularni doim soz holatda saqlash bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini tizimli tashkil etish vazifasi belgilab berilgan edi.

Sardoba tumanida ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi yig‘ilishida turli vazir va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, viloyat faollari ishtirok etdi.

Unda Abdulla Aripov eng muhim masala aholini rozi qilish va buning uchun kerakli barcha choralarni ko‘rish lozimligini qayd etdi.

«Haqiqiy jabr chekib, uyini yuvib ketgan odamlargagina uylarni beramiz. Chunki bu soliq to‘lovchilarning ajratgan mablag‘i, davlat budjetidan ajratilgan. Bu osmondan tushgan pul emas», — dedi bosh vazir.

Yig‘ilishda yangi uylarni taqsimlash va aholining ushbu uylarga ko‘chib o‘tishini tashkil etish, mazkur hududlarda «Xavfsiz mahalla» tizimini joriy etish, hudud aholisi bandligini ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, hududdagi ushbu ulkan bunyodkorlik ishlari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan beg‘araz asosda amalga oshirilgan. Yangi uylarni o‘z egalariga berish jarayoni shaffof tarzda amalga oshiriladi. Bu borada har bir mahalla guzarlarida yangi uy oluvchilar haqida axborotlar e’lon qilingan.

Xususan, ishchi guruh tomonidan yangi uylarni taqsimlashda fuqarolar hujjatlari o‘rganib chiqildi. Shu asosida uylarga ko‘chib kirishdan oldin ular bilan suhbat o‘tkaziladi. Bunda asosan, hududda noqonuniy qurilmalar qurmaslik, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, umumiy foydalaniladigan yo‘laklar, uylar atrofini ozoda saqlash borasida tushuntirish beriladi.

Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi talafot yetgan xonadon egalarini yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarga joylashtirish rejasi taqdimoti o‘tkazildi.

Hukumat rahbari yig‘ilish so‘ngida vazirliklar, davlat idora va tashkilotlari, qolaversa, deputatlardan iborat ishchi guruhlarga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish, aholini «qur’a tashlash» yo‘li bilan, adolatli tarzda ko‘chirib o‘tkazish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring